Logo

AQSH birjalari rekord darajaga yaqinlashdi, neft esa arzonlashdi

Bugun 18:352 daqiqa

Investorlar Donald Trampning Eron bilan muzokaralar haqidagi bayonotlarini ijobiy qabul qildi. Biroq Tehron Vashington bilan hech qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borilmayotganini bildirdi.

AQSH birjalari rekord darajaga yaqinlashdi, neft esa arzonlashdi © Foto: Yandex

AQSHning asosiy fond indekslari dushanba kungi savdolarda sezilarli darajada o‘sdi. S&P 500 indeksi 1,5 foizga qimmatlab, 2-iyun kuni qayd etilgan tarixiy maksimumga yaqinlashdi.

Texnologik kompaniyalar ulushi yuqori bo‘lgan Nasdaq Composite 2,1 foizga ko‘tarildi, Dow Jones Industrial Average esa 1,3 foiz o‘sib, yangi rekord ko‘rsatkichga erishdi.

Texnologik gigantlar yetakchilik qildi

Bozordagi faollikda asosan yirik texnologiya kompaniyalarining hissasi katta bo‘ldi.

Meta aksiyalari 6 foizga qimmatladi;
Microsoft, Amazon va Alphabet aksiyalari 4,4–4,9 foizga o‘sdi;
Nvidia 2,9 foiz;
Tesla esa 3,5 foizga ko‘tarildi.

Neft narxi pasaydi

Bozordagi optimizm fonida Brent markali neft narxi dushanba kuni qariyb 5 foizga arzonladi.

Grinvich vaqti bilan soat 07:05 holatiga ko‘ra, Brent fyucherslari bir barrel uchun 84,65 dollarni tashkil etdi,

Osiyo bozorlari ham ijobiy boshlandi

Seshanba kungi savdolarda:

— Janubiy Koreyaning Kospi indeksi 1,6 foizga o‘sdi;
— Yaponiyaning Nikkei 225 indeksi 0,3 foizga ko‘tarildi;
— Gonkongning Hang Seng indeksi esa 0,6 foizga pasaydi.

Vashington va Tehron qarama-qarshi bayonot bermoqda

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar davom etayotganini va Tehronga kelishuvga erishish uchun «so‘nggi imkoniyat» berilayotganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Fors ko‘rfazi davlatlari rahbarlari bilan maslahatlashuvlardan keyin Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy hujum rejasi bekor qilingan.

Biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Bag‘oiy bu da’volarni rad etdi.
Uning ta’kidlashicha, Tehron Vashington bilan hech qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara olib bormayapti va yaqin vaqtda AQSH rasmiylari bilan uchrashuv ham rejalashtirilmagan.

Bag‘oiy ayni paytda Eron O‘mon orqali Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar harakati masalasini muhokama qilayotganini, AQSH bilan bog‘liq masalalar esa keyingi bosqichlarda ko‘rib chiqilishi kerakligini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid