Logo

Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi 20 yillik eng past darajaga tushdi

Kecha 13:322 daqiqa

Tahlilchilarga ko‘ra, iyul oyida Rossiyadagi neft infratuzilmasiga qilingan hujumlar soni Ukraina urushi boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga yetgan.

Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi 20 yillik eng past darajaga tushdi © neftregion.ru

2026-yil iyul oyida Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi 2002-yil may oyidan beri eng past darajaga tushdi. Bu haqda «Bloomberg» nashri EA Analytics tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Kunlik qayta ishlash hajmi o‘rtacha 3,6 million barrelni tashkil qilgan. Bu mavsumiy odatiy ko‘rsatkichdan qariyb uchdan birga kam.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bunday keskin pasayishga Rossiya neft infratuzilmasiga uyushtirilgan qator hujumlar sabab bo‘lgan. «Bloomberg» Rossiya va Ukraina rasmiy bayonotlari asosida hisob-kitob qilganida, iyul oyida neftni qayta ishlash zavodlari, neft bazalari, quvur infratuzilmasi hamda Rossiya nefti eksporti bilan bog‘liq tankerlar kamida 30-marta hujumga uchragan. Bu Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri bir oy ichidagi ikkinchi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyining birinchi yarmida Ukraina hujumlarining asosiy nishonlari neftni qayta ishlash zavodlari bo‘lgan. Oqibatda ayrim Rossiya zavodlari faoliyatini qisqartirish yoki vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan va bu xom neft eksportining oshishiga olib kelgan.

Oyning ikkinchi yarmida esa hujumlar asosan tankerlar va dengiz infratuzilmasiga qaratilgan. Bu Rossiyaning janubiy portlari orqali amalga oshiriladigan yetkazib berish jarayonlarida uzilishlarga sabab bo‘lgan.

«Deutsche Welle» ma’lumotlariga ko‘ra, neftni qayta ishlash hajmining kamayishi Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketi kuchga kirgan davrga to‘g‘ri kelgan. Ushbu cheklovlar, jumladan, Moskva neftdan oladigan daromadlarini kamaytirishga qaratilgan. Yevropa Ittifoqi bu mablag‘lar Ukrainadagi urushni moliyalashtirish uchun ishlatilayotganini ta’kidlaydi.

Ekspertlar Rossiya Qora dengiz portlaridan eksport oqimlarini qisman Boltiqbo‘yi hududiga yo‘naltirishi mumkinligini aytmoqda. Biroq «Rystad Energy» kompaniyasi vitse-prezidenti Xorxe Leon avvalroq «Bloomberg»ga bergan izohida bu infratuzilma ham hujumlar uchun zaif bo‘lib qolayotganini qayd etgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston va yana olti davlat neft qazib olish hajmini oshirishga kelishib olgandi. Ular orasida Rossiya ham bor.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi 20 yillik eng past darajaga tushdi | Vaqt.uz