Logo

Iyul oyida O‘zbekistonda deflyatsiya qayd etildi: narxlar nimalar hisobiga pasaydi?

Kecha 18:302 daqiqa

2026-yil iyul oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlari o‘rtacha 0,1 foizga pasaydi. Bu joriy yilda mamlakatda qayd etilgan ilk deflyatsiya bo‘ldi.

Iyul oyida O‘zbekistonda deflyatsiya qayd etildi: narxlar nimalar hisobiga pasaydi?

2026-yilning iyul oyida O‘zbekistonda iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,1 foizga pasaydi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yillik inflatsiya 6,4 foizni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning iyul oyidagi 108,9 foizlik ko‘rsatkichga nisbatan 2,5 foiz bandga past hisoblanadi.

Iyul oyida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 0,91 foizga arzonladi. Shu bilan birga, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 foizga, aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,5 foizga qimmatlashdi.

Deflyatsiyaning asosiy omili oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining pasayishi bo‘ldi

Inflatsiyaga eng katta ijobiy ta’sir ko‘rsatgan mahsulotlar qatorida sabzi (12,6 foiz), uzun boshoqli guruch (6,4 foiz), yumaloq boshoqli guruch (6,1 foiz), mosh (4,2 foiz) va piyoz (1,7 foiz) qayd etildi.

Biroq mavsumiy omillar ta’sirida qator sabzavot va mevalar keskin arzonladi. Xususan, baqlajon narxi 42,8 foizga, bulg‘or qalampiri 39,4 foizga, pomidor 24 foizga, tarvuz 20,3 foizga, kartoshka 18 foizga va qovun 14,5 foizga tushdi.

Shuningdek, shaftoli, bodring, sarimsoq, nok, uzum, olma, banan hamda tuxum narxlarining pasayishi ham umumiy inflatsiyani cheklashga hissa qo‘shdi.

Benzin qimmatlashdi

Nooziq-ovqat mahsulotlari orasida eng katta o‘sish benzin narxlarida kuzatildi. AI-98 va AI-100 markali benzin 10 foizga, AI-95 8,5 foizga, AI-92 esa 3,9 foizga qimmatlashdi.

Pullik xizmatlar segmentida maishiy chiqindi uchun haq to‘lash 2,7 foizga, mobil aloqa xizmatlari 2,4 foizga, shahar avtobusida yo‘l haqi esa 1,4 foizga oshdi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, hisob-kitoblar davomida 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtasida 2 milliondan ziyod narx kuzatilgan va 419 turdagi tovar hamda 98 turdagi xizmat monitoring qilingan.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyi inflatsiya darajasi 0,6 foizni tashkil qilib, narxlar o‘sishi oylik hisobda 3 barobar tezlashgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Iyul oyida O‘zbekistonda deflyatsiya qayd etildi: narxlar nimalar hisobiga pasaydi? | Vaqt.uz