Logo

Prezident administratsiyasi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun, Toshkentning 10 hokimi ustidan tekshiruv va «New Port» quruvchilariga ochilgan jinoyat ishi — 4-avgust dayjesti

Kecha 22:553 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Prezident administratsiyasi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun, Toshkentning 10 hokimi ustidan tekshiruv va «New Port» quruvchilariga ochilgan jinoyat ishi — 4-avgust dayjesti

Toshkentning 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi

Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdimnomasi asosida poytaxtning 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqida farmoyish imzoladi. Tekshiruv Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod va Yashnabod tumanlari hokimlarini qamrab oladi.

Tekshiruvni maxsus komissiya o‘tkazadi. U agentlik keltirgan vajlarni o‘rganib, xulosa tayyorlaydi. Hozircha taqdimnomada qaysi holatlar qayd etilgani va xizmat tekshiruvi natijalari ochiqlanmagan.

Noqonuniy uy qurgan qurilish kompaniyasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent shahar prokuraturasi «New Port» turarjoy majmuasi bo‘yicha tekshiruvda uylar majburiy ko‘chirish jarayoni yakunlanmasidan buzilgani hamda qurilish kompaniyasi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Shuningdek, hududda bitta 20 qavatli, ikkita 19 qavatli va bitta 12 qavatli turarjoy binosi tegishli ruxsatnomasiz qurilgani aniqlangan.

Prokuraturaga ko‘ra, dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda. Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda uyi buzilgan fuqarolarga kompensatsiya to‘lanmayotgani haqida murojaatlar tarqalgan edi.

Prezident administratsiyasi to‘g‘risida konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat Prezident administratsiyasining huquqiy maqomi, vakolatlari va davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rnini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashni nazarda tutadi.

Loyihaga ko‘ra, Prezident administratsiyasi davlat rahbari tomonidan shakllantiriladi va uning rahbari prezident tomonidan tayinlanadi hamda ozod etiladi. Shuningdek, administratsiyaning davlat organlari, jumladan komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan hamkorlik tartibi ham qonun darajasida mustahkamlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligining 587,2 mln so‘mlik tenderi bekor qilindi

Raqobat qo‘mitasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi e’lon qilgan 587,2 mln so‘mlik markazlashgan tadbirlarni tashkil etish xizmati bo‘yicha tenderda qonunbuzilishlar aniqlanganini ma’lum qildi. Tekshiruv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tanqidiy materialdan so‘ng o‘tkazilgan.

O‘rganishlar davomida tenderda raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan shartlar mavjudligi aniqlangan. Shundan so‘ng Raqobat qo‘mitasi so‘rovi asosida vazirlik mazkur tender savdosini belgilangan tartibda bekor qildi.

Poytaxtdagi Qatortol ko‘chasi va bozori atrofidagi noqonuniy qurilmalar buzilmoqda

Toshkentning Qatortol ko‘chasi va bozori atrofidagi noqonuniy qurilmalar sud qarorlari asosida buzilmoqda. Hokimlikka ko‘ra, bu ishlar piyodalar xavfsizligini ta’minlash, jamoat joylarini tartibga keltirish va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Buzilayotgan obyektlar orasida «Nomdor» tamaddixonasi ham bor. Tuman hokimligi ma’lum qilishicha, obyekt ruxsatnomasiz qurilgani uchun sud uni noqonuniy deb topgan. Tadbirkorga boshqa joyda faoliyat yuritish imkoniyati tushuntirilgan, ishsiz qolayotgan xodimlarni ish bilan ta’minlashda hokimlik ko‘mak berishi bildirilgan.

Teglar

Mavzuga oid