O‘zbekiston Qirg‘izistonga oyiga 20 ming tonnaga yaqin neft mahsuloti bermoqchi
Qo‘shni davlatda hukumat rahbari benzin narxi yana oshishi mumkinligidan ogohlantirdi. Rossiyadan yoqilg‘i yetkazib berish avvalgiga nisbatan qiyinlashgan. Shu bois hukumat bir nechta davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqda.
© 24.kgQirg‘iziston O‘zbekistondan oyiga 20 ming tonnaga yaqin neft mahsuloti olmoqchi. Bu haqda mamlakat Vazirlar Mahkamasi raisi Odilbek Qosimaliyev «Kabar» agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston yoqilg‘i-moylash materiallarining 90 foizdan ortig‘ini import qiladi. Shu sababli ichki bozordagi narxlar tashqi bozordagi qiymatlar, geosiyosiy vaziyat va tashish xarajatlariga bevosita bog‘liq.
«Hozircha narxlarni ushlab turibmiz, ammo ular baribir asta-sekin oshib boradi», — dedi Qosimaliyev.
Uning ta’kidlashicha, Rossiyadan yoqilg‘i yetkazib berish avvalgiga nisbatan qiyinlashgan. Shu bois hukumat bir nechta davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqda va muqobil yetkazib berish yo‘llarini izlamoqda. Hozirda Qirg‘izistonga yoqilg‘i Belarusdan ham keltirilmoqda. Xitoydan esa birinchi partiya — beshta avtotsisterna yoqilg‘i yetkazib berilgan.
Vazirlar Mahkamasi yoqilg‘ini temiryo‘l orqali tashish imkoniyatini ham muhokama qilmoqda, chunki avtomobil orqali tashish xarajatlari yuqori.
Bundan tashqari, Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan ham muzokaralar olib bormoqda. Odilbek Qosimaliyevning aytishicha, O‘zbekiston tomoni import qilingan neft o‘z zavodlarida qayta ishlangandan keyin oyiga taxminan 20 ming tonna neft mahsulotlarini yetkazib berishga tayyor.
Shuningdek, Turkiya va Yevropa davlatlaridan yoqilg‘i olib kelish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda. Biroq bunday yo‘nalishlar Kaspiy dengizi va bir nechta davlatlar hududi orqali tashishni talab qiladi, bu esa yoqilg‘i narxini sezilarli darajada oshiradi.
Hukumat rahbari davlat dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan gaz va AI-92 benzini narxlarini subsidiya qilayotganini ma’lum qildi. Buning hisobiga ushbu yoqilg‘i turlari O‘zbekiston va Tojikistondagi narxlardan taxminan 20–25 somga arzon saqlanmoqda.
Biroq davlat budjeti hisobidan narxlarni doimiy ravishda qoplab borish imkoni yo‘q, chunki buning uchun milliardlab som mablag‘ talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda benzin narxi 9 foizga oshgandi. Ammo narxlar O‘zbekistondagiga qaraganda pastligicha qolmoqda.





