Oq uydagi UFC turniri 30 million dollar zarar keltirdi
Biroq kompaniya bu loyihani uzoq muddatli investitsiya deb baholamoqda.

«UFC Freedom 250» turnirini Oq uyda o‘tkazish tashkilotga 30 million dollarlik zarar keltirdi. Bu haqda UFC ligasining bosh kompaniyasi — AQSHning «TKO Group Holdings» (TKO) korporatsiyasi hisobotida ma’lum bo‘ldi.
TKO moliyaviy direktori Endryu Shleymerning so‘zlariga ko‘ra, turnir uchun chiptalar sotilmagani va translyatsiyadan daromad olinmagani sababli tadbirdan tushum bo‘lmagan. Shu bilan birga, xarajatlarning bir qismi homiylik va hamkorlik kelishuvlari orqali qoplangan.
«UFC Freedom 250» turniri 14-iyundan 15-iyunga o‘tar kechasi AQSH mustaqilligining 250 yilligi va prezident Donald Trampning 80 yoshi munosabati bilan Oq uyning janubiy maydonida o‘tkazilgan edi.
Kompaniya rahbariyati tadbirni «ulkan muvaffaqiyat» deb atadi
Endryu Shleymerning aytishicha, tadbir uchun dastlabki xarajatlar 60 million dollardan oshishi kutilgan. Biroq homiylar, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik va boshqa tijorat kelishuvlari orqali bu xarajatlarning salmoqli qismi qoplangan.
«Bloomberg» keltirgan «TKO» ma’lumotlariga ko‘ra, «UFC Freedom 250» reklama va marketing hamkorliklari orqali 1 milliard dollarlik qiymat yaratgan. Shuningdek, kompaniya 25 ta yangi marketing hamkorini jalb qilgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi bilan uzoq muddatli shartnomalar imzolangan.
Kompaniya rahbariyati ushbu tadbirni «ulkan muvaffaqiyat» deb baholab, u kelajakda muxlislar bazasini kengaytirish va yangi biznes aloqalarini shakllantirish orqali o‘zini oqlashini ta’kidlagan.
Umumiy daromad o‘sdi
Moliyaviy hisobotga ko‘ra, «UFC»ning 2026 yil ikkinchi choragidagi umumiy daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29 foizga oshgan. Daromad 119,8 million dollardan 535,7 million dollarga yetgan.
Bu o‘sishga yanvar oyidan kuchga kirgan «Paramount» bilan yangi translyatsiya shartnomasi hisobiga mediahuquqlardan tushgan qo‘shimcha 64,7 million dollar daromad asosiy omil bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, «UFC Freedom 250» turnirining markaziy jangida amerikalik Jastin Geyji yengil vazn toifasidagi chempion Iliya Topuriyani mag‘lub etib, uning professional faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatini qayd etgandi.
«UFC Freedom 250» esa prezident qarorgohi hududida o‘tkazilgan ilk professional aralash jang san’ati turniri sifatida tarixga kirdi.





