Logo

«Samarkand-2028» sun’iy yo‘ldoshi kosmosga uchirildi

Bugun 10:552 daqiqa

«STAR.VISION» kompaniyasi Xitoyning Shandun provinsiyasi qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz platformasidan «Samarkand-2028» va «Lampung-1» giperspektral sun’iy yo‘ldoshlarini muvaffaqiyatli orbitaga olib chiqdi.

«Samarkand-2028» sun’iy yo‘ldoshi kosmosga uchirildi © Videodan kadr

Bugun, 5-avgust kuni «STAR.VISION» kompaniyasi tomonidan Xitoyning Shandun provinsiyasi qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz start platformasidan «Samarkand-2028» va «Lampung-1» giperspektral sun’iy yo‘ldoshlari kosmosga uchirildi. Bu haqda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston tarixidagi eng yirik xalqaro kosmik tashabbuslardan biri sifatida baholanmoqda. Qayd etilishicha, missiya milliy kosmik dastur rivojida yangi bosqichni boshlab berish bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-texnologik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Loyiha doirasida «O‘zbekkosmos» agentligi mutaxassislari sun’iy yo‘ldosh borti uchun maxsus sun’iy intellekt modulini ishlab chiqdi. Mazkur texnologiya giperspektral ma’lumotlarni bevosita orbitaning o‘zida qayta ishlash imkonini berib, ma’lumotlarni uzatish va tahlil qilish samaradorligini oshiradi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, «Samarkand-2028» missiyasi qishloq xo‘jaligi, ekologiya, tabiiy resurslarni monitoring qilish, suv resurslarini boshqarish, favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish, shaharsozlik va boshqa yo‘nalishlarda kosmik texnologiyalardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Nomning ramziy ma’nosi

Sun’iy yo‘ldoshga «Samarkand-2028» nomi ramziy ma’noda berilgan. Bu nom 2025-yil Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika kongressida qabul qilingan qarorga muvofiq, 2028-yilgi kongress Samarqand shahrida o‘tkazilishi belgilanganiga ishora qiladi.

Qayd etilishicha, mazkur loyiha O‘zbekistonning jahon kosmik hamjamiyatidagi ishtirokini kengaytirish, milliy muhandislik salohiyatini rivojlantirish hamda sun’iy intellekt va kosmik texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Fazoga uchirish jarayonini to‘liq quyidagi havolalarda tomosha qilishingiz mumkin:

YouTube
Linkedin

Teglar

Mavzuga oid