
4 mlrd dollarlik marra: Issiqxonalar endi Loyiha ofisi nazoratida bo‘ladi
Yangi tuzilma issiqxona xo‘jaliklari samaradorligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan dasturni muvofiqlashtiradi.

O‘zbekistonda issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va ular faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida hukumat huzurida maxsus Loyiha ofisi tashkil etilmoqda. Bu qaror 7-yanvar kuni qabul qilingan bo‘lib, sohani tizimli isloh qilish va yagona yondashuv asosida rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli qarorni e’lon qildi.
Hukumat huzuridagi ushbu Loyiha ofisi issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish hamda ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan kompleks dasturni ishlab chiqish jarayonlarini muvofiqlashtiradi. Yangi tuzilmada jami olti nafar mutaxassis, jumladan, rahbar ish olib boradi.
Loyiha ofisi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan e’lon qilingan hujjatga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining investitsiyalar, eksport, savdo, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha kotibiyatiga hisobdor bo‘ladi.
Yangi tuzilma mutaxassislari ishlab chiqiladigan dasturning asosiy talablari va texnik shartlarini belgilaydi. Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari hamda konsalting kompaniyalarining issiqxonachilik sohasiga oid tavsiyalarini umumlashtirish va chuqur tahlil qilish ularning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, Loyiha ofisi xorijiy tajriba asosida shakllantirilgan tashabbuslarni amaliyotga joriy etish, sohani isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va rivojlanish istiqbollarini baholash bilan shug‘ullanadi.
Mazkur dasturni ishlab chiqish o‘tgan yil oktabr oyida qabul qilingan prezident farmonida nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra issiqxona mahsulotlari eksportini 2026 yilda 3,5 milliard dollarga, keyingi yilda esa 4 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgan.





