«Afg‘onistonga faqat ortiqcha elektr energiyasini eksport qilinadi» — energetika vaziri
O‘zbekiston kompaniyalari Afg‘onistonda elektr tarmoqlari va podstansiyalarni qurishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Sherzod Xo‘jayevning aytishicha, ortiqcha elektr energiyasi eksport qilinishi mumkin, ammo bu faqat ichki talab to‘liq ta’minlanganidan so‘ng amalga oshiriladi.
© president.uzO‘zbekiston milliy kompaniyalari Afg‘onistonda elektr tarmoqlari va podstansiyalarni qurish hamda modernizatsiya qilish loyihalarida ishtirok etishi mumkin. Bu haqda energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev Shavkat Mirziyoyevga o‘tkazilgan taqdimotdan so‘ng «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, loyihalar Afg‘oniston tomoni tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yig‘ilishda milliy kompaniyalarni ushbu loyihalarga jalb etish, ularni moliyalashtirish va ishlarni nazorat qilish mexanizmlari ko‘rib chiqilgan. Energetika blogiga loyihalar ijrosini alohida nazoratga olish va ularning borishi bo‘yicha har hafta hisobot berish topshirilgan.
«Afg‘oniston hududida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha, albatta, Afg‘oniston tomoni tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Ya’ni gap ular uchun yangi elektr tarmoqlarini qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish haqida bormoqda», — dedi Xo‘jayev.
Vazirning ta’kidlashicha, loyihalar O‘zbekistonning qo‘shni davlat bilan energetika sohasidagi hamkorligini kengaytirish bilan birga, mavsumiy ortiqcha elektr energiyasidan iqtisodiy samara olish imkonini ham beradi.
Ortiqcha elektr-energiyasi eksport qilinadi
Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, quyosh va shamol elektr stansiyalari yuqori quvvatda ishlagan davrlarda O‘zbekistonda mavsumiy elektr energiyasini eksport qilish imkoniyati tug‘ilishi mumkin.
«Shu bilan birga, bizda mavsumiy elektr energiyasi ortiqchaligi yuzaga keladi. Ya’ni, quyosh va shamol elektr stansiyalarimiz yuqori quvvat bilan ishlayotgan paytda hosil bo‘lgan ortiqcha quvvatlarni eksport qilish hisobiga kattaroq iqtisodiy samara olishimiz mumkin», — dedi vazir.
U Surxondaryo viloyatida elektr energiyasi ishlab chiqarishni yanada oshirish rejalari borligini ham aytdi.
Xo‘jayevga ko‘ra, hududdagi amaldagi quyosh elektr stansiyasi viloyat ehtiyojini to‘liq qoplash uchun yetarli. Shunga qaramay, Surxondaryoda yana ikki-uchta elektr stansiyasini qurish rejalashtirilmoqda.
Taqdimotda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi energetika hamkorligini kengaytirish uchun muhim bo‘lgan Surxon — Puli-Xumri yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i qurilishini jadallashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil sentabrda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida umumiy qiymati 250 million dollar bo‘lgan qo‘shma energetika loyihalarini amalga oshirish boshlangan. Ular doirasida yangi elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalar, jumladan, 500 kVli Surxon — Puli-Xumri tarmog‘i, shuningdek, Nangarhor va Qobuldagi energetika obyektlarini qurish rejalashtirilgan. Loyihalarni 2027-yil 1-aprelga qadar yakunlash ko‘zda tutilgan.





