Logo

AQSH O‘zbekistonni Xitoyga Tramp bojlaridan qochishga yordam berishda aybladi

Bugun 15:153 daqiqa

Ro‘yxatda 40 dan ortiq davlat bo‘lib, ular va Yevropa Ittifoqi umumiy qiymati 60 mlrd dollarlik savdoda bojlarni chetlab o‘tishga imkon bergan. AQSH hukumati va xususiy sektorning boshqa hisobotlarida qayta eksport orqali yo‘naltirilgan savdo hajmi 40 mlrd dollardan 303 mlrd dollargacha baholangani aytilgan.

AQSH O‘zbekistonni Xitoyga Tramp bojlaridan qochishga yordam berishda aybladi © Financial Times

Oq uy Kanada, Meksika va Yaponiya kabi 40 dan ortiq davlatni Xitoyga AQSH bojlaridan noqonuniy ravishda qochishga yordam berishda aybladi. Ular qatorida O‘zbekiston ham bor.

Qolaversa ro‘yxatda Ozarbayjon, Qozog‘iston va Gruziya ham bor.

Unga ko‘ra, bu davlatlar Xitoy mahsulotlarini AQSHga import bojlari pastroq bo‘lgan mamlakatlar orqali yo‘naltirishga imkon bermoqda. Oq uy «Buyuk qayta eksport firibgarligi» deb nomlangan hisobotida ushbu davlatlar va Yevropa Ittifoqi umumiy qiymati 60 milliard dollarlik savdoda bojlarni chetlab o‘tishga imkon berganini aytdi. Shuningdek, AQSH hukumati va xususiy sektorning boshqa hisobotlarida qayta eksport orqali yo‘naltirilgan savdo hajmi 40 milliard dollardan 303 milliard dollargacha baholangani qayd etilgan.

Hisobotni tayyorlagan Oq uyning savdo va ishlab chiqarish siyosati bo‘yicha idorasi rahbari Piter Navarro Xitoy 2018-yilda Donald Tramp ilk bor Xitoyga bojlar joriy qilganidan beri qayta eksportdan foydalanishning «nihoyatda murakkab» usullarini qo‘llab kelayotganini aytdi. AQSH prezidenti o‘tgan yili turli davlatlarga joriy qilgan bojlar mamlakatlar o‘rtasida boj stavkalari farqini yuzaga keltirgani sababli, mahsulotlarni boshqa davlatlar orqali yo‘naltirish amaliyoti davom etgan.

«Yillar davomida buyuk qayta eksport firibgarligi kommunistik Xitoyga o‘z mahsulotlarini 40 dan ortiq davlat orqali yashirin tarzda eksport qilish, AQSH g‘aznasini o‘nlab milliard dollar daromaddan mahrum qilish va amerikalik ishchilarning ish haqini tortib olish imkonini berdi», — dedi Navarro.

Hisobot Xitoy raisi Si Szinpin Donald Trampni may oyida Pekinda qabul qilganidan so‘ng, olti hafta o‘tib Vashingtonga javob tashrifi bilan kelishi kutilayotgan bir paytda e’lon qilindi. O‘tgan yilning oktabr oyida Janubiy Koreyaning Pusan shahrida ikki davlat rahbarlari bir yillik sulhga kelishgan bo‘lsa-da, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo keskinligi hamon yuqori darajada qolmoqda.

AQSH moliya vaziri Skott Bessant yaqinda AQSH savdo vakili bilan Xitoy bosh vazirining o‘rinbosari Xe Lifeng bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida Xitoyning AQSHga noyob yer metallari eksportini sekinlashtirmaslik bo‘yicha majburiyatiga rioya qilishi yuzasidan xavotirlarini bildirganini aytdi. Xitoy esa AQSHning yangi milliy xavfsizlik choralaridan norozi. Jumladan, AQSH Federal aloqa komissiyasi Xitoyda ishlab chiqarilgan robotlarni import qilishni taqiqladi.

Navarroning aytishicha, AQSH bojxona va chegara himoyasi agentligi eksport qilinayotgan mahsulotlarning tarkibini aniqroq aniqlash va bojlar uchun ularning to‘g‘ri belgilanishini ta’minlash maqsadida «Detective Border» deb nomlangan sun’iy intellekt tizimidan foydalanishni boshlamoqda. Uning ta’kidlashicha, bu tashabbus AQSH g‘aznasiga o‘nlab milliard dollar qo‘shimcha boj daromadi keltiradi va amerikaliklar uchun minglab yangi ish o‘rinlari yaratadi.

AQSH savdo vakili idorasi Tramp o‘tgan yili butun dunyoga joriy qilgan «ozodlik kuni» bojlaridan keyin boshqa davlatlar bilan tuzgan ko‘plab savdo kelishuvlariga qayta eksportni kamaytirishga qaratilgan qoidalarni ham kiritgan. Biroq savdo idorasi mahsulot qayerda ishlab chiqarilganini aniqlash va unga mos boj stavkasini belgilash uchun zarur bo‘lgan «kelib chiqish qoidalari»ni ishlab chiqish ustida hali ham ishlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid