Bir oyda muammoli kreditlar hajmi 1,7 trln so‘mga oshdi
May oyida bank tizimidagi muammoli kreditlar yana qariyb 1,7 trln so‘mga oshdi. O‘sishning asosiy qismi davlat banklari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
© Ijtimoiy tarmoqlarMay oyida O‘zbekiston bank tizimidagi muammoli kreditlar hajmi (NPL) o‘tgan oyga nisbatan sekin o‘sdi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, oy davomida NPL hajmi 1 trln 692 mlrd so‘mga ko‘payib, 1-iyun holatiga 23 trln 609 mlrd so‘mga yetgan.
Hozirda tijorat banklarining jami kredit portfeli 635 trln 978 mlrd so‘mni tashkil etadi. Shundan 3,7 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
May oyidagi o‘sish aprelda qayd etilgan 2 trln 56 mlrd so‘mlik rekord ko‘rsatkichdan past bo‘lsa-da, banklar aktivlari sifati bo‘yicha bosim saqlanib qomoqda.
Eng katta o‘sish qayerda?
Davlat banklari kredit portfeli 420 trln 443 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lib, shundan 16 trln 696 mlrd so‘mi yoki 4 foizi muammoli kreditlardan iborat.
May oyida davlat banklaridagi muammoli kreditlar 1 trln 599 mlrd so‘mga oshdi. Eng katta o‘sish «Mikrokreditbank»da kuzatilib, ko‘rsatkich 822 mlrd so‘mga ko‘paydi. Keyingi o‘rinlarda «Xalq banki» (+659 mlrd so‘m) va «Asakabank» (+261 mlrd so‘m) joylashgan.
Ayni paytda ayrim davlat banklari ijobiy natija qayd etdi. Xususan, «SQB»da muammoli kreditlar 130 mlrd so‘mga, «Milliy bank»da 34 mlrd so‘mga va «Aloqabank»da 19 mlrd so‘mga kamaygan. Qolgan davlat banklarida esa sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan.
Xususiy banklardagi holat
Xususiy banklarning kredit portfeli 215 trln 536 mlrd so‘mni tashkil qildi. Bu segmentdagi muammoli kreditlar 6 trln 914 mlrd so‘m yoki kredit portfelining 3,2 foiziga teng.
May oyida mazkur banklarda muammoli kreditlar hajmi 93 mlrd so‘mga oshdi. Biroq banklar kesimida turlicha dinamika kuzatildi. «Madad Invest bank» muammoli kreditlarini 270 mlrd so‘mga, «Kapitalbank» esa 190 mlrd so‘mga qisqartirishga erishgan.
Shu bilan birga, «Anor bank»da muammoli kreditlar 236 mlrd so‘mga, «TBC Bank»da esa 149 mlrd so‘mga ko‘paydi. Qolgan xususiy banklarda ushbu ko‘rsatkich sezilarli o‘zgarmagan.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida mamlakatdagi banklarda muammoli kreditlar hajmi 2 trln so‘mga o‘sgan edi. Eng katta o‘sish «Milliy bank», «Kapitalbank», «Agrobank» va «Madad Invest bank» hissasiga to‘g‘ri kelgan.





