
Bolalar zaharlangan bog‘chaga borgan vazir bolalar ovqatlanishi bilan bog‘liq korrupsion holat haqida lom-lim demadi
25.09.2025 | 23:0044516
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatida bog‘chalardagi zaharlanish oqibatida 109 nafar bola shifoxonaga yotqizilgan.

Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalarning ommaviy zaharlanishi oqibatida 109 nafar bola shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 25 sentyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, vazir o‘rinbosari Azizbek Turdiyev ushbu holatni shaxsan o‘rganish maqsadida Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lgan.
Vazirlikka ko‘ra, holat nafaqat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, tegishli tashkilotlar nazoratiga ham olingan.
«Xususan, hududiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy hokimlik mas’ullari bilan hamkorlikda bog‘chalarning ayni vaqtdagi holati, oshxonalardagi mavjud sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Bog‘cha rahbarlari, tarbiyachilar bilan yaqindan muloqot qilindi», - deyiladi xabarda.
Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda Quyi Chirchiq tumanida 12 nafar, Oqqo‘rg‘on tumanida 97 nafar bola shifokorlar nazoratida bo‘lib, ularning salomatligi barqaror. Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ehtiyot chorasi sifatida Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi MTT tarbiyalanuvchilari navbati bilan shifokorlar nazoratidan o‘tkazilmoqda. Hozirgacha bolalar sog‘lig‘iga jiddiy xavf soladigan holatlar aniqlanmagan.
Yuzaga kelgan holat huquq-tartibot organlari tomonidan nazoratga olingan va tergov jarayonlari boshlangan.
Vazir tashrifidan kelib chiqib fikrlarini yozgan ta’li bo‘yicha ekspert Komil Jalilov vazirlikning bog‘cha bolalarining ovqatlanishi bilan bog‘liq korrupsion holatlarga munosabat berilmaganidan norozi bo‘ldi.
«Lekin vazirlik xabarida muammoning ildizi, xususan, bog‘cha bolalari ovqatlanishi bilan bog‘liq korrupsiya iddaolariga munosabatni ko‘rmadim. Toki muammoning sababi bartaraf qilinmas ekan, bunday holatlar boshqa bog‘chalarda qaytarilmasligiga kafolat yo‘q. Demak, muammoning ildizi bilan shug‘ullanish kerak. Yoki vazir endi har bir bog‘chaning qozonini shaxsan borib kavlab ko‘radimi?». - dedi u.
Jurnalist Ilyos safarov esa to‘rt tumandagi bu zaharlanish holati ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishiga ishonmoqda.
«To‘rt tumandagi bu zaharlanish holati umid qilaman, huquq organlari - DXX, Bosh prokuratura va antikorrupsiya agentligiga maktabgacha ta’lim muassasalariga oziq-ovqat yetkazib berish tizimidagi qing‘irliklar bo‘yicha so‘nggi ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘ladi. Shuningdek, vazirlik ham shunday tizim yaratishi kerakki, unga ko‘ra, bog‘chada bolalar yeydigan har bir luqma, ichadigan suv avval sinovdan o‘tkazilishi kerak. Bu shu tizimdagi eng qat’iy, o‘zgarmas qonuniyatga aylanishi shart. Toki, bunday holatlar boshqa takrorlanmasin», - deya yozgan Safarov.





