
«Buyuk faylasuf Dugin haq» — sobiq bokschi Valuyevning ham tahdidli vidoyesi paydo bo‘ldi
Rossiyalik sobiq professional bokschi va Davlat dumasi deputati Nikolay Valuyev Markaziy Osiyo davlatlarida ham «maxsus operatsiyalar» olib borilishi kerakligini aytdi. Sobiq sportchining ushbu fikrlariga o‘zbekistonlik bokschi Ruslan Chagayev javob qaytardi.

So‘nggi vaqtlarda Rossiyadagi ayrim siyosiy va media doira vakillarining Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligi va suverenitetiga tahdid qilib bergan bayonotlari ko‘paymoqda va bu keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, Rossiyalik sobiq bokschi va siyosatshunos Nikolay Valuyev ham Markaziy osiyo davlatlariga tahdid qildi. U Putinga yaqinligi bilan tanilgan faylasuf Aleksandr Dugin g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, Ukrainada amalga oshirilayotgan «maxsus harbiy operatsiya»lar sobiq sovet respublikalarida ham o‘tkazilishi kerakligini aytdi.
«Bizni hali bir nechta maxsus operatsiyalar kutmoqda. Buyuk faylasuf Dugin haq. Biz 30 yil davomida postsovet respublikalariga «shirinliklar» ulashdik, lekin bu yordam bermadi. Endi qamchi kerak bo‘ladi. Shuning uchun yoshlarni tayyorlamoqdamiz. Zumerlarga sport zaliga borishni va erkaklarga xos sport turlari bilan shug‘ullanishni maslahat beraman. Ular uchun ham qahramonlar davri keladi, va tez orada», — dedi Valuyev.
O‘zbekistonlik mashhur bokschi Ruslan Chagayev Valuyevning so‘zlariga javoban uni jangga chaqirdi. Chagayev Valuyevning chiqishini haqoratli deb baholab, bu kabi fikrlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hozirgi ijobiy munosabatlarga putur yetkazishini ta’kidladi.
«Menimcha, bu sun’iy intellekt bo‘lsa kerak. Agar unaqa bo‘lmasa, o‘zbek xalqidan uzr so‘rayman, unga o‘sha paytda tekkan zarbalarim endi ta’sir qilyapti, shekilli. Valuyevning kallasini joyiga qo‘yish uchun bitta jang kerak bo‘lsa, men tayyorman. Bu safar, Xudo xohlasa, jangdan keyin u butun Markaziy Osiyoni yaxshi ko‘radi va bunaqa bemaza gaplar gapirmaydi», — dedi Ruslan Chagayev.
Avvalroq, «Rus dunyosi» g‘oyasining asosiy mafkurachisi, faylasuf Aleksandr Dugin Markaziy Osiyo va boshqa sobiq SSSR hududlarining suverenitetini inkor etib, Rossiya ularni o‘z nazorati ostiga olishi kerakligini aytgan edi. Uning fikricha, aks holda bu hududlar G‘arb davlatlari uchun geosiyosiy tayanch nuqtaga aylanadi.
Undan oldinroq esa rossiyalik telejurnalist Vladimir Solovyov ham Markaziy Osiyo va Armanistonni Rossiya milliy xavfsizligi uchun muhim hududlar sifatida ta’riflab, bu mintaqalarda ham harbiy amaliyotlar o‘tkazish kerakligini aytgan. U xalqaro huquq me’yorlarini ochiqchasiga ikkinchi darajaga surish kerakligini ta’kidlagan.
Solovyovning ushbu fikrlariga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova munosabat bildirib, jurnalistning bayonotlarini uning shaxsiy qarashlari sifatida baholagan.





