Logo

Suyultirilgan gaz narxi 15-noyabrdan oshadi

Kecha 20:342 daqiqa

Aholi uchun suyultirilgan gazning chakana narxi 5 000 so‘m etib belgilandi. Kambag‘al oilalarga kompensatsiya to‘lanadi.

Suyultirilgan gaz narxi 15-noyabrdan oshadi © hududgaz

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, joriy yilning 15-noyabridan boshlab aholi uchun suyultirilgan gazning chakana sotish narxi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bilan birga har bir kilogramm uchun amaldagi 2 ming so‘mdan 5 ming so‘mga oshiriladi. 

​Shu bilan birga, «LPG-Trade» MCHJ tomonidan aholiga suyultirilgan gazni yetkazib berish xizmatining cheklangan narxi QQS bilan har bir kilogramm uchun 1 300 so‘m etib belgilanadi. Gazni belgilangan narxlarda yetkazib berish natijasida yuzaga keladigan iqtisodiy jihatdan asoslangan xarajatlarni qoplash maqsadida «LPG-Trade» kompaniyasiga respublika budjetidan subsidiya ajratib boriladi. 

​Ehtiyojmand oilalar uchun kompensatsiya to‘lovlari

​Gaz narxining oshishi munosabati bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida kompensatsiya to‘lovlari joriy etiladi.

Ushbu ko‘mak 2030 yil 1-yanvarga qadar quyidagi toifadagi oilalarga beriladi: 

• ​Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar; 

• ​Reyestrga kiritilmagan, biroq undagi mezonlarga mos keladigan hamda oiladagi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan oilalar; 

• ​Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalar. 

​Kompensatsiya miqdori xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun 3 000 so‘mni tashkil etadi. Bunda mablag‘ bir oyda ko‘pi bilan 20 kilogramm gaz xaridi uchun qoplab beriladi.

To‘lovlar xarid tasdiqlanganidan so‘ng fuqarolarning ijtimoiy kartalariga o‘tkazib beriladi. Bu jarayonni amalga oshirish uchun «Hududgazta’minot» AJ va Ijtimoiy himoya milliy agentligi «E-gaz Billing» hamda «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilishi belgilangan. 

​Qarorga muvofiq, bitta kadastr raqamiga ega bo‘lgan va bir turar joyda ikki hamda undan ortiq oila yashaydigan xonadonlar uchun alohida maishiy gaz balloni ajratishga ruxsat beriladi. Buning uchun xonadonda texnik talablarga mos keluvchi alohida gaz plitasi va oshxona bo‘lishi hamda «mahalla yettiligi» va gaz ta’minoti xodimlari joyiga chiqqan holda tegishli dalanotnomani rasmiylashtirishi lozim. 

​Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2027 yil 1-mayga qadar suyultirilgan gaz bozorini rivojlantirish va uning narxlarini erkinlashtirish bo‘yicha hukumatga asoslangan takliflar kiritishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi birja savdolarida suyultirilgan gaz narxlari sun’iy ravishda oshirilishining oldini olish yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatishi belgilab qo‘yildi.

Teglar

Mavzuga oid