Logo

O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha dunyoda top-5 talikda — vazirlik

Yil boshida 2,2 million nafar deb baholangan kambag‘al aholi soni oktabrga kelib 1,4 million nafargacha kamaygan. Vazirlik bu natijani islohotlar samarasi sifatida baholamoqda.

O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha dunyoda top-5 talikda — vazirlik © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish sur’atlari bo‘yicha dunyodagi yetakchi beshta davlat qatoriga kirgan. Bu haqda 28-oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bandlik vaziri birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev ma’lum qildi.

Vazir o‘rinbosari Jahon banki mutaxassislari tomonidan keltirilgan baholarga to‘xtalgan.

«Jahon banki hisobotida O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha dunyo miqyosida chempion davlatligi, ya’ni top beshta mamlakat ichiga kirishini ta’kidladi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo hududi doirasida kambag‘allikni qisqartirishning 60 foiz ulushi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelishi aytildi», — dedi Marat Jo‘rayev.

Vazirlik rasmiycining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2,2 foiz bandga kamaygan. Yil boshida kambag‘al aholi ulushi 5,8 foizni yoki 2,2 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, oktabr oyiga kelib bu ko‘rsatkich 3,6 foizga yoki 1,4 million kishiga tushgan.

Shuningdek, kambag‘al oilalar soni ham qisqargan. Yil boshida 533 mingta bo‘lgan kambag‘al oilalar soni to‘qqiz oyda 349 mingtaga kamaygan.

Marat Jo‘rayev taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, shu davrda 824 ming fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Qariyb 4,14 million kishining daromadini oshirishga ko‘maklashilgan, 980 ming nafar fuqaroning norasmiy bandligi esa rasmiylashtirilgan.

Avvalroq O‘zbekistonda 2026 yilning sakkiz oyida kambag‘allik darajasi 3,9 foizgacha pasaygani haqida xabar berilgandi.

Vaqt.uz O‘zbekistonda 2030 yilgacha mutlaq kambag‘allikni nolga tushirish rejasi va bu ko‘rsatkichni hisoblash mezonlarini tahlil qilgan edi. Unda kambag‘allik darajasining pasayishi bilan bir qatorda, minimal iste’mol xarajatlari qiymati real narxlar va aholining majburiy xarajatlariga qanchalik mos kelishi masalasi ham ko‘tarilgan.

Teglar

Mavzuga oid