
Davlat tashkilotlari hududlari mavsumiy biznes uchun ijaraga beriladi
04.08.2025 | 11:3022253
O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratildi — 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab, davlat tashkilotlariga tegishli yer uchastkalarini mavsumiy savdo, umumiy ovqatlanish va xizmatlar uchun bir yillik shartnoma asosida ijaraga olish mumkin bo‘ladi.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 31 iyuldagi 478-sonli qarorida qayd etilgan.
Ushbu qaror tadbirkorlarga yerdan foydalanish imkoniyatini soddalashtirish, ruxsat berish jarayonidagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishni maqsad qilgan. Endi binolar yoki inshootlarga tutash yerlar, shu jumladan davlat organlari ixtiyoridagi yerlar ham (ammo ta’lim va tibbiyot muassasalari bundan mustasno) tadbirkorlarga bir yillik davr uchun ijaraga beriladi.
Ijara jarayoni auksionsiz, ya’ni bevosita shartnoma tuzish asosida amalga oshiriladi. Ijara narxi yer solig‘ining 3 baravarigacha etib belgilanishi mumkin. Barcha shartnomalar Davlat soliq qo‘mitasi nazoratidagi elektron tizim orqali rasmiylashtiriladi.
Qarorda shaharsozlik tartibini saqlash uchun aniq qoidalar ham belgilangan. Barcha ob’ektlar tasdiqlangan sxemalar va arxitektura dizayn-kodlar asosida joylashtiriladi. Kapital qurilish yoki tashqi ko‘rinishni o‘zgartirish qat’iyan man etilgan. Talablarga rioya qilinmagan taqdirda, ob’ekt buzib tashlanadi va shartnoma bekor qilinadi.
Hokimliklar 1 oktyabrga qadar noqonuniy ravishda joylashtirilgan ob’ektlarni inventarizatsiya qilib, ularni qonuniylashtirish yoki yerni bo‘shatish choralarini ko‘rishlari kerak. Barcha tasdiqlangan joylashuv sxemalari va dizayn talablari rasmiy veb-saytlarda e’lon qilinadi.
Yangi tartib orqali mahallalarda va shahar ko‘chalarida tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, yashirin ijaraga barham berish, shaharlar ko‘rinishini yaxshilash va mahalliy byudjet tushumlarini oshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, ijara shartnomasi yerni mulk sifatida rasmiylashtirish huquqini bermaydi va kapital qurilishga ruxsat etilmaydi.





