«Daydi» voqeasi: individual xatomi yoki noto‘g‘ri rag‘batlar asosida ishlayotgan institutsional tizim?

Kecha 12:555 daqiqa

Olmazorda yuz bergan shov-shuvli voqea tizimdagi noto‘g‘ri rag‘batlar inson taqdiri bilan o‘ynashayotganini ko‘rsatdi. Nega ichki ishlar xodimlari real xavfsizlik emas, balki «raqamlar» ketidan quvmoqda?

«Daydi» voqeasi: individual xatomi yoki noto‘g‘ri rag‘batlar asosida ishlayotgan institutsional tizim?

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlariga oid bir video keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unda Olmazor tumani ichki ishlar amaldori profilaktika inspektorlariga ko‘chadan «daydi» shaxslarni aniqlash, ma’muriy bayonnomalar sonini oshirish va belgilangan «plan»ni bajarish zarurligini ta’kidlaydi. Hatto topshiriq bajarilmagan taqdirda, inspektorlar o‘zining qarindoshlarini ham tegishli toifaga kiritishi mumkinligi aytiladi. Videodan ko‘rinadiki, e’tibor real xavfsizlikni ta’minlashga emas, balki hisobot ko‘rsatkichlarini shakllantirishga, «plan»ni to‘ldirishga qaratilgan.

Keyinchalik voqea tafsilotlari haqida rasmiy bayonot berilib, Olmazor tumanida profilaktika inspektorlariga bunday topshiriq bergan rahbar o‘z lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi. Rasmiy izohda xodimning bunday xatti-harakati noto‘g‘ri ekani ta’kidlangan. 

Ammo, bu holatni faqat individual xulq darajasida talqin qilish yetarli emas. Chunki shunga o‘xshash hodisalar avval ham kuzatilgan: masalan, 2020-yilda ichki ishlar xodimlariga kunlik ma’muriy bayonnomalar sonini «reja» asosida belgilash holati, 2022-yilda esa YPX inspektorlariga kuniga ma’lum miqdorda bayonnoma tuzish topshirilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bunday xabarlar muammo tizimli xususiyatag ega ekanligi haqida signal beradi. 

Muammoni tushuntirish uchun iqtisodiy va institutsional tahlil zarur. 

Masalan, xulq-atvor iqtisodiyoti va boshqaruv nazariyasida keng qo‘llaniladigan yondashuvga ko‘ra, agentlarning (xodimlarning) xatti-harakati ular duch keladigan rag‘batlar tizimi bilan belgilanadi. Qachonki biron bir ko‘rsatkich maqsadga aylantirilsa, u endi yaxshi ko‘rsatkich bo‘lmay qoladi. 

Boshqacha aytganda, agar tashkilot faoliyatini baholash mezonlari real ijtimoiy natijalarga emas, balki qandaydir ko‘rsatkichlarga bog‘langan bo‘lsa, agentlar o‘z faoliyatini aynan shu ko‘rsatkichlarni maksimal darajada oshirishga yo‘naltiradi. Natijada tashkilotning rasmiy maqsadi, masalan, jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan amaldagi faoliyat, aytaylik, protokollar sonini oshirish o‘rtasida tafovut yuzaga kelishi mumkin.

Bu — muammoning bir qismi xolos. Muammoning yanada chuqurroq boshqa bir qismi, nazariy jihatdan, tizimda qanday xodimlar qolishi va kimlar tark etishi bilan bog‘liq.

Yuqoridagi keysga qaytadigan bo‘lsak, ehtimol, xodimning jazolanishi uning individual xatosidan ko‘ra, tizim ichidagi ayrim amaliyotlarning ochiqlikka chiqib ketgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, video tarqalib ketganidan so‘ng xodimning ishdan bo‘shatilgani — tizim o‘zini himoya qilishga majbur bo‘layotgani haqida muhim signal bo‘lishi mumkin. 

Demak, bunday tizimlarda o‘ziga xos tanlov mexanizmi shakllanadi: noto‘g‘ri tizimda ishlashni «to‘g‘ri» bajara olganlar yashab qoladi, xatoga yo‘l qo‘yib, jarayonni oshkor qilganlar esa tizimdan chetlatiladi. 

Shunday qilib, tizim nafaqat muammoni hal qilmaydi, balki vaqt o‘tishi bilan aynan o‘sha — noto‘g‘ri ishlashni eng yaxshi o‘zlashtirganlarni saralab, o‘zini yanada mustahkamlab boradi. Bu kabi buzilgan rag‘batlar tizimi huquqni muhofaza qiluvchi organlarda kuzatilayotgan ekan, buning iqtisodiy va ijtimoiy xarajatlari ham yuqori. Aniqroq aytganda, odamlar bunday tizimning qurboni o‘laroq puli, soliqlari va hatto umri bilan to‘layotgan bo‘lishi mumkin.

Yuqoridagi mulohazalar empirik tadqiqotlar bilan ham tasdiqlanadi. Masalan iqtisodchi Yekaterina Travova tomonidan Rossiya Federatsiyasida giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat ma’lumotlari tahlil qilingan. Unga ko‘ra Rossiyada giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat uchun jazo topilgan modda miqdoriga qarab belgilangan. 

Masalan, Rossiyada geroin uchun eng muhim chegara — 2,5 gramm. Agar miqdor shu chegaradan past bo‘lsa, jazo 3 yilgacha bo‘lishi mumkin. Ammo 2,5 grammdan biroz oshsa, jazo 10–15 yilgacha ko‘tariladi. Ya’ni atigi 0,1 gramm farq inson hayotidagi bir necha yillik qamoq muddatini hal qiladi.

Tadqiqot muallifi 2013–2014-yillarda ko‘rib chiqilgan qariyb 300 mingta giyohvandlik ishini tahlil qilib, geroin bilan bog‘liq keyslarda g‘ayrioddiylikni aniqlaydi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida 2,5 gramm chegarasidan biroz pastda keskin kamayish, aynan shu chegaradan yuqorida esa g‘ayritabiiy ko‘payish kuzatiladi. Muhim chegara atrofidagi bu «sun’iy» to‘planish odatdagi holatga nisbatan bir necha barobar yuqori bo‘lgan. Bu tasodif emas, balki ayrim hollarda miqdor ataylab chegaradan oshirib yozilganini ko‘rsatadi.

plan IIB1

Izoh: Grafikda 2013–2014 yillarda Rossiyada qayd etilgan barcha geroin bilan bog‘liq ishlar (1-qayd bo‘yicha) ko‘rsatilgan. Kulrang ustunlar kuzatilgan taqsimotni, yashil chiziq empirik taqsimotga moslashtirilgan trendni, qizil vertikal chiziqlar esa miqdor chegaralari (0,5 g va 2,5 g), jinoyat va jazo chegarasini ko‘rsatadi.

Buning sababi politsiyachilarning rag‘batlari bilan bog‘liq deydi muallif. Ularning faoliyati turli ko‘rsatkichlar asosida baholanadi va eng muhim mezonlardan biri – nechta jiddiy jinoyat aniqlangani bo‘lgan. 2,5 grammdan yuqori holatlar jiddiy jinoyat sifatida qayd etiladi, past miqdorlar esa jiddiy bo‘lmagan jinoyat hisoblanadi. Shuning uchun, masalan, 2,3 gramm miqdorida aniqlangan holat statistik ma’noda kamroq ahamiyatga ega bo‘lsa, uni 2,6 gramm deb qayd etish politsiyachining ko‘rsatkichini sezilarli yaxshilaydi. «Plan»ni bajarmagan xodim jazolanishi yoki qo‘shimcha bonusdan ayrilishi mumkin, bajarganlar esa rag‘batlantiriladi. Shu sababli, chegaraga yaqin miqdorlarni biroz «oshirib» yozishga rag‘bat paydo bo‘ladi.

Bundan tashqari, tadqiqot orqali yil yakuniga yaqin plan bajarilmagan bo‘limlarda manipulyatsiya holatlari yanada ko‘paygani aniqlangan. Ya’ni xodimlar aynan reja ortda qolayotgan paytda faolroq soxtalashtirishga o‘tadi. Bu ham rag‘batlar tizimi xulq-atvorga qanday ta’sir qilishini yaqqol ko‘rsatadi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, noto‘g‘ri rag‘batlar tizimi shunchaki raqamlarni soxtalashtirishdan tashqari bevosita ijtimoiy zarar keltiradi. Olmazor tumanida kuzatilgan voqeaga xodimning individual xatosi sifatida emas, balki noto‘g‘ri rag‘batlar asosida ishlayotgan institutsional tizim to‘g‘risida muhim signal sifatida qaralishi kerak. Aks holda tizim o‘zining statistik ko‘rinishini maksimal darajada yaxshilay oladigan xodimlarni saralash orqali o‘zini mustahkamlab boradi.

Muhammad Turniyozov.

Teglar

Mavzuga oid