Orbanning 16 yillik hukmronligi basmi? — Vengriyadagi tarixiy saylovning dastlabki natijalari

Kecha 08:552 daqiqa

Vengriya tarixida rekord darajadagi davomat qayd etilgan parlament saylovlari yakunlandi. Dastlabki so‘rovnomalar muxolifatning g‘alabasini ko‘rsatmoqda. Orbanning taqdiri nima bo‘ladi?

Orbanning 16 yillik hukmronligi basmi? — Vengriyadagi tarixiy saylovning dastlabki natijalari

Vengriyada navbatdagi parlament saylovlari uchun ovoz berish jarayoni o‘z nihoyasiga yetdi. Bu galgi siyosiy tadbirda mamlakat tarixidagi misli ko‘rilmagan rekord davomat qayd etilib, saylovchilarning 77,8 foizi o‘z fuqarolik pozitsiyasini bildirish uchun uchastkalarga keldi.

Vengriyadagi eng ishonchli sotsiologik xizmatlardan biri «Meridian» kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, Peter Madyar boshchiligidagi muxolifatdagi «Tisa» partiyasi parlamentdagi 199 o‘rindan konstitutsion ko‘pchilik o‘rinni bemalol qo‘lga kiritishi mumkin.

Sanab chiqilgan qariyb 99 foiz ovoz natijalariga ko‘ra, parlamentdagi 199 o‘rindan 138 tasi muxolifatga o‘tadi. Yangi bosh vazir bir oy ichida saylanadi.

Agar rasmiy natijalar ushbu taxminlarga yaqin chiqsa, «Tisa» partiyasi jiddiy to‘siqlarsiz Viktor Orban tomonidan 16 yil davomida qurilgan butun boshli boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu hukmron rejimning qulashini anglatadi.

Saylovlarda jami beshta siyosiy partiya ishtirok etdi. Ammo keskin va haqiqiy kurash Viktor Orbanning «Fides» hamda muxolifatga o‘tib ketgan Peter Madyarning «Tisa» partiyalari o‘rtasida kechdi.


Saylovning muhim qoidalari

Mamlakatdagi saylovchilar bir mandatli okrug bo‘yicha nomzodlarga hamda siyosiy partiyalarga ovoz berishdi. Parlamentdagi jami 106 ta o‘rin aynan shu majoritar tizim orqali taqsimlanadi. Partiyalar parlamentga kirishi uchun besh foizlik to‘siqdan o‘tishi shart.

Asosiy raqobatchilardan tashqari, fuqarolar so‘lchi «Demokratik koalitsiya», hajviy Ikki dumli it partiyasi va o‘ta o‘ngchi «Bizning vatan» partiyalariga ham ovoz berishdi. So‘rovnomalarga ko‘ra, aynan o‘ngchilarda to‘siqdan o‘tish imkoni bor. Vengriya qonunchiligiga muvofiq, ovozlarni hisoblash 18-apreldan kechikmay yakunlanishi lozim.


Rekord darajadagi davomat

Ushbu siyosiy tadbir aholining misli ko‘rilmagan darajadagi faolligi bilan yodda qoldi. Uchastkalar yopilishiga ikki soat qolganidayoq davomat 74,23 foizga yetgan edi. Bu ko‘rsatkich 2002 yilda o‘rnatilgan eski rekordni yangilab qo‘ydi.

Taqqoslash uchun, 2022 yilda bo‘lib o‘tgan oldingi saylovlarda aholining ishtiroki bor-yo‘g‘i 62,92 foizni tashkil qilgan edi. BBC muxbiri Pol Kirbining ta’kidlashicha, bunday yuqori qiziqish xalqning o‘zgarishlarga bo‘lgan kuchli chanqoqligidan dalolat beradi.

Mustaqil so‘rovnomalar muxolifatning ishonchli g‘alabasini bashorat qilmoqda, ammo hukumatga yaqin markazlar «Fides» o‘z o‘rnini saqlab qolishiga ishonmoqda.

Teglar

Mavzuga oid