Islomobod muzokaralari. Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokadani saqlab qoladi

Kecha 10:492 daqiqa

Muzokaralarning barbod bo‘lishi neft va gaz bozorlarida keskin o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.

Islomobod muzokaralari. Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokadani saqlab qoladi © Reuters

AQSH va Eron o‘rtasida Pokistonda 20 soatdan ortiq davom etgan muzokaralar natijasiz yakunlandi. AQSH delegatsiyasiga rahbarlik qilgan vitse-prezident Jeyms Devid Vens Tehron Vashington talablarini, jumladan yadroviy qurol ishlab chiqmaslik majburiyatini qabul qilmaganini bildirdi, deb xabar qiladi «Bloomberg».

Eron esa AQSH talablarini «ortiqcha» deb baholadi. «Tasnim» axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Vashington urush davomida erisholmagan imtiyozlarni, jumladan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va yadroviy materiallar masalasini muzokaralarda talab qilgan. «Fars» axborot agentligi esa manbasiga tayanib, Eron AQSHdan maqbul taklif olmaguncha bo‘g‘oz orqali harakatni cheklashni davom ettirishini xabar qildi.

Tramp: Eron bilan muzokaralar natijasi muhim emas, AQSH g‘alaba qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp 11-aprel kuni jurnalistlar bilan muloqotda Vashington va Tehron o‘rtasida Islomobodda o‘tayotgan muzokaralar natijasi u uchun muhim emasligini bildirdi.

«Men uchun kelishuv bo‘ladimi-yo‘qmi farqi yo‘q. Sababi – biz g‘alaba qildik», –dedi u.

Trampning ta’kidlashicha, AQSH har qanday holatda ham yutqazmaydi va «harbiy jihatdan g‘alaba qozongan».

«Bizning u yerda minatozalash kemalarimiz bor», – dedi Tramp, CENTCOM ma’lumotlariga ishora qilib.

Uning aytishicha, 11-aprel kuni ikki amerikalik esminets Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tgan va AQSH bo‘g‘ozni minalardan tozalash ishlarini olib bormoqda.

Tramp, shuningdek, agar kerak bo‘lsa, AQSH bu bo‘g‘ozni ochib berishini, hatto o‘zi foydalanmasa ham, boshqa davlatlar uchun bu muhimligini ta’kidladi. U yana NATO ittifoqchilariga nisbatan norozilik bildirib, «NATO bizga yordam bermadi», dedi.

Ayni paytda «Tasnim», «Fars» va IRNA ma’lumotiga ko‘ra, Islomoboddagi muzokaralar 12-aprel kuni davom ettiriladi. Davom etishdan oldin tomonlar kerakli materiallar bilan almashishi kutilmoqda.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi

Dunyodagi energiya ta’minotining taxminan 20 foizi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi urush boshlangan 28-fevraldan keyin deyarli to‘sib qo‘yilgan edi, bu esa neft va gaz narxlarining keskin oshishiga sabab bo‘ldi. Muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugagani xomashyo bozorlarida yangi keskin o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.

11-aprel kuni bo‘g‘oz orqali uchta supertanker (bittasi Gretsiyaniki, ikkitasi Xitoyniki) o‘tdi. Ularning umumiy yuk sig‘imi taxminan 6 mln barrelni tashkil etdi, bu so‘nggi olti haftadagi eng yirik hajm hisoblanadi.

Shu bilan birga, mart oyida Eron kuniga taxminan 1,7 mln barrel neft eksport qilganini hisobga olsak, umumiy tranzit urushdan oldingi darajaning taxminan yarmiga yetgan.

Barcha tankerlar, ehtimol, Tehron talab qilayotgan shimoliy marshrut orqali harakatlangan. Bu yo‘l Eron hududiy suvlari orqali o‘tadi va an’anaviy xalqaro dengiz yo‘llaridan ancha uzoqda joylashgan.

Teglar

Mavzuga oid