O‘zbekiston-Eron savdosi va dollar masalasi: elchi nimalar dedi?
Eronning Toshkentdagi elchisi urushga qaramasdan ikki davlat orasidagi savdo davom etayotganini aytdi. Unga ko‘ra, 2026-yilning urushgacha bo‘lgan ikki oyida o‘zaro savdo 40 foizga oshgan.
Bugun, 10-aprel kuni Eronning Toshkentdagi elchixonasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Eron elchisi Muhammad Ali Iskandariy, kutilganidek, Eronning g‘alaba qozonganini ta’kidladi. Shunday bayonotlar Tehrondan ham yangramoqda. Ayni paytda AQSH prezidenti Donald Tramp ham o‘z g‘alabasini e’lon qilgan. Ikkala tomondan ham bunday bayonotlar yangrashi sulhning mo‘rt ekani, urush yana boshlanib ketishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.
«Endi Tramp, albatta, ketayotganida «men g‘alaba qildim, maqsadlarimga erishdim», deb shovqin-suron bilan ketmoqchi. Amerika o‘zining uchuvchisini qutqarish bahonasi bilan Eronga hujum qildi, lekin asl sabab 450 kg uran edi. Ular butun dunyoni xuddi Hollivud kinolariga o‘xshagan manzara deb o‘ylashdi. Ya’ni «Delta Force» maxsus bo‘linmasi Maduroni o‘g‘irlab keta olgan bo‘lsa, Eronga nisbatan ham shunday qila olamiz, deb o‘ylashdi.
Amerika bu voqeada shunday qaqshatqich zarba yediki, bu, albatta, Trampning saylovlardagi pozitsiyasiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Amerika butunlay yangi bir masala bilan duch keldi – u atom bombasiga o‘xshagan xalqqa ro‘para bo‘ldi. Bu xalq har qanday sharoitda matonat bilan turadi. Ular birinchi marta shuni tushunib yetishdiki, agar biz qo‘limizdagi barcha vositalardan foydalanishni istasak, foydalana olamiz. Bizning musulmonligimiz yoki birodarligimiz bizning zaifligimiz emas.
Shunday qilib, Amerika xohlab emas, balki majbur bo‘lib ketyapti. Dollar va neft-dollar hukmronligi tugab boryapti. Amerikaning oldingi prezidentlari aqlliroq edi yoki hech bo‘lmaganda davlat manfaati uchun ishlashardi, lekin Tramp o‘zining shaxsiy manfaatlari uchun ishlaydi. Aynan uning mana shunday strategik xatosi mintaqadan ketishiga sabab bo‘ldi», – dedi elchi.
Dollarning roli kamaysa, qaysi valutada savdo qilinadi?
VAQT.UZ jurnalisti elchining gapidan kelib chiqib, quyidagi savol bilan Muhammad Ali Iskandariyga murojaat qildi:
«Neft va dollar hukmronligi tugayapti dedingiz. Bu qachon va qanday konkret o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi? Va agar dollarning roli kamayadigan bo‘lsa, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi savdo aloqalari qaysi valutada amalga oshiriladi?»
«Men, albatta, bu to‘la tugadi demadim, lekin tugash jarayoni boshlandi dedim. Bu uning ta’siri bugun-erta ko‘rinadi deganim emas. Albatta, biz bu yo‘lda o‘zimizning harakatimizni qilishimiz kerak.
Albatta, bu sa’y-harakatni biz boshlaganimiz yo‘q, dunyoda bu jarayon allaqachon boshlangan. Chunki dollar va o‘sha neft-dollar hukmronligi butun dunyoning davlatlariga zarar keltiryapti. Ya’ni dunyoning bir qismini shirasini so‘rib, boshqa bir qismiga yetkazib beradi. Bu dunyo uchun xavfli.
Bu tizim Ikkinchi jahon urushidan keyin yuzaga kelgan tartibot va qonun-qoidalar bo‘yicha shakllangan edi. U bugungi dunyo uchun javob bermaydi. Bu bizning muammomiz emas, bular boshqa derjavalarning, jumladan yangidan o‘sib kelayotgan derjavalarning muammosi.
Ya’ni biz hammamiz bu masalada mustaqil bo‘lishga harakat qilishimiz kerak. Lekin bu o‘zgarishlar birdaniga, masalan, bugun-erta O‘zbekiston va Eron iqtisodiy munosabatlariga ta’sir qilmaydi», – dedi elchi.
Ho‘rmuzdan o‘tish narxi va o‘zbek biznesiga ta’siri
Sulh e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Eron tomoni Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tadigan kemalardan kriptovalyutada to‘lov olishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. «Associated Press», «Bloomberg» va Eron parlamenti milliy xavfsizlik qo‘mitasi a’zosi Alauddin Borujerdining ma’lumotlariga ko‘ra, Eron tankerlardan o‘tishda 2 mln dollar yoki bir barrel neft uchun 1 dollar miqdorida to‘lov undirmoqda. Dunyodagi eng yirik tankerlar 1,9–2,2 mln barrel neft tashiy oladi. Shu hisobga ko‘ra, 2 mln barrellik yuk uchun tranzit boji 2 mln dollar atrofida bo‘lishi mumkin.
Bu tartib neft tashimasa-da? boshqa tovarlarni Bandar Abbos porti orqali eksport-import qilayotgan o‘zbek biznesi uchun ham xarajatlarni oshirishi mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, xarajatlar qanchalik ortishi mumkin?
«Turli ommaviy axborot vositalarida berilayotgan xabarlar yoki tahlillar har doim ham xolis bo‘lmaydi. Ularning ayrimlari bevosita qandaydir o‘zlarining maqsadlarini, rejalarini boshqalarga majburlab o‘tkazish maqsadida qilingan bo‘ladi.
Bizning O‘zbekiston bilan savdomiz umuman hali to‘xtagani yo‘q. Hech qanday tovar ham qimmatlashgani yo‘q. Biz hech qanday narxni ko‘targanimiz yo‘q. O‘zbekiston uchun qachon yordam kerak bo‘lsa, o‘sha tranzit yo‘llarida biz hech qachon bundan voz kechganimiz yo‘q.
Albatta, urush bo‘lyapti va tadbirkorlar baribir urush sharoitida ehtiyot bo‘lishga majbur bo‘ladilar. Biz esa ularni rag‘batlantirishimiz kerakki, bu yo‘lda davom etishsin», – dedi Muhammad Ali Iskandariy.
Uning qayd etishicha, 2026-yil yanvar va fevral oylarida har ikki oyda ham o‘tgan yilga nisbatan ikki davlat orasidagi savdo 40 foizdan oshgan. Birgina fevral oyida O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi o‘zaro savdo ayirboshlash hajmi 90 million AQSH dollarini tashkil etdi.
Teglar






