«Tesla» yangi kichikroq va arzonroq elektromobil ishlab chiqarmoqda

Kecha 22:103 daqiqa

Bu avtomobil «Tesla»ning hozirgi «Model 3» yoki «Model Y» avtomobillarining shunchaki bir varianti emas, balki mutlaqo yangi model bo‘ladi.

«Tesla» yangi kichikroq va arzonroq elektromobil ishlab chiqarmoqda

«Tesla» kompaniyasi mutlaqo yangi, kichikroq va arzonroq elektr krossover («SUV») ishlab chiqarmoqda. Bu haqda mazkur masaladan xabardor bo‘lgan to‘rtta manba «Reuters» agentligiga ma’lum qilgan.

Avtoishlab chiqaruvchi so‘nggi haftalarda yetkazib beruvchilar bilan bog‘lanib, yangi kompakt «SUV» rejalarini muhokama qilgan. Manbalarning ta’kidlashicha, bu avtomobil «Tesla»ning hozirgi «Model 3» yoki «Model Y» avtomobillarining shunchaki bir varianti emas, balki mutlaqo yangi model bo‘ladi. Suhbatlar davomida ishlab chiqarish jarayoni va turli butlovchi detallarning texnik xususiyatlari ko‘rib chiqilgan.

Manbalardan uchtasi yangi kompakt «SUV» Xitoyda ishlab chiqarilishini, yana biri esa «Tesla» ishlab chiqarishni AQSH va Yevropaga ham kengaytirishni maqsad qilganini bildirgan. Ikkita manbaning so‘zlariga ko‘ra, avtomobilning uzunligi 4,28 metrni tashkil etadi. Bu «Tesla»ning eng ko‘p sotiladigan «Model Y» krossoveridan (uzunligi taxminan 4,78 metr) sezilarli darajada kaltaroq demakdir.

Bu harakatlar bosh ijrochi direktor Ilon Maskning 2024 yilda intiqlik bilan kutilgan arzon elektromobil loyihasini to‘xtatib, kompaniya e’tiborini «Robotaxi» va gumanoid robotlarga qaratganidan so‘ng yuz bermoqda. Endi asosiy savol shundaki, kichikroq «SUV» ishlab chiqarish harakati strategiyaning yana ommaviy bozor uchun mo‘ljallangan oddiy elektromobillarga qaytganini anglatadimi yoki yangi model «Tesla»ning to‘liq avtonom transport vositalari haqidagi qarashlariga mos keladimi?

Maqsadlar

Yangi loyihadan xabardor manba va kompaniyaning mahsulot falsafasini biladigan «Tesla» xodimining so‘zlariga ko‘ra, bunday model har ikki maqsadga ham xizmat qilishi mumkin. Xodim aniq bir avtomobil haqidagi tafsilotlarni tasdiqlamagan bo‘lsa-da, umumiy holatda avtoishlab chiqaruvchi endilikda ham haydovchisiz boshqariladigan, ham odam boshqara oladigan imkoniyatga ega modellarni yaratishni maqsad qilayotganini aytgan.

Manbaning ta’kidlashicha, «Tesla» o‘z modellarining to‘liq avtonom bo‘lishiga intilayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab jahon bozorlarida haydovchisiz transport vositalarining keng tarqalishi va qonuniy qabul qilinishi uchun hali yillar kerak bo‘lishini tushunib yetgan. Muayyan modelni boshqaruv vositalari bilan yoki ularsiz ishlab chiqarish imkoniyati sotuvlarni ko‘paytirishi va zavodlarning to‘liq quvvat bilan ishlashini ta’minlashi mumkin.

Daromad masalasi

«Tesla» haydovchisiz kelajakka intilayotgan bir paytda, ayrim tahlilchilar kompaniya daromadining asosiy qismini ta’minlaydigan an’anaviy elektromobillar sotuvi ketma-ket uchinchi yil kamayishini bashorat qilmoqda. Hozirgacha «Tesla» faqat Texas shtatining Ostin shahrida kam sonli «Robotaxi»larni sinab ko‘rmoqda.

«Tesla» yangi avtomobil rejalari bo‘yicha izoh berish so‘rovlariga javob qaytarmadi. Loyihadan xabardor to‘rt kishi ishlar hali dastlabki bosqichda ekanini aytgan. «Reuters» kompaniya avtomobilni ishlab chiqarishga rasman ruxsat bergan yoki bermaganini aniqlay olmadi.

Avtoishlab chiqaruvchi tarixida ishlab chiqilishi boshlangan, ammo keyinchalik bekor qilingan yoki kechiktirilgan mahsulotlar ko‘p uchraydi. Masalan, «Tesla» 2017 yilda «Roadster» superkari va «Semi» yuk mashinasining konseptlarini ko‘rsatgan edi, biroq sport avtomobili hali ham chiqarilmadi, yuk mashinasi esa hali ommaviy ishlab chiqarishga kiritilmadi.

Narxlar borasida taxminlar

Manbalarning ikkitasi «Tesla» yangi avtomobilni hozirgi «Model 3» sedanidan ancha past narxda taklif qilishni rejalashtirayotganini aytgan. Eslatib o‘tamiz, «Model 3» Xitoyda 34 000 dollardan, AQSHda esa 37 000 dollardan boshlanadi. Xarajatlarni tejash uchun kichikroq batareyadan foydalanish ko‘zda tutilgan, bu esa yurish masofasining qisqaroq bo‘lishini anglatadi.

Shuningdek, kompaniya ikkita o‘rniga bitta elektr motor taklif qilishni va avtomobilni sezilarli darajada yengillashtirishni maqsad qilgan. Yangi modelning vazni taxminan 1,5 tonna bo‘lishi kutilmoqda (taqqoslash uchun, «Model Y» vazni taxminan 2 tonna).

Yangi model «Tesla»ning Shanxaydagi zavodida ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Muddatlar noma’lum bo‘lsa-da, avtomobilni ishlab chiqarish bu yil boshlanishi ehtimoldan yiroq.

Teglar

Mavzuga oid