O‘zbekistonda qancha mahkum borligi ochiqlandi
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda respublika bo‘ylab 49 ta jazoni ijro etish muassasalari faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekistonda bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida jami 47 432 nafar mahkum saqlanmoqda. Bu haqda 11-aprel kuni Ichki ishlar organlari faoliyati yuzasidan joriy yilning birinchi choragi bo‘yicha tahliliy hisobot mavzusida o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida VAQT.UZ muxbiri savoliga javoban IIV Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Satimbayev Otabek Mirzatillayevich ma’lum qildi. .
Satimbayevga ko‘ra, mazkur mahkumlar respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 49 ta muassasada joylashtirilgan. Tizimdagi muassasalar turli toifalarga bo‘lingan bo‘lib, mahkumlar ham ularga mos ravishda taqsimlanadi.
Jumladan, yopiq turdagi koloniyalarda hozirgi kunda taxminan 26 ming nafarga yaqin mahkum saqlanmoqda. Ushbu muassasalarda jazo ijrosi nisbatan qattiq tartibda amalga oshiriladi.
Shuningdek, manzil koloniyalarida 11 ming nafardan ortiq mahkum mavjud.
Qolgan mahkumlar esa boshqa turdagi jazoni ijro etish muassasalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichlar doimiy emas va vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib boradi.





