«Daydi topish» buyrug‘ini bergan rahbar ishdan olindi
Olmazor tumanida profilaktika inspektorlariga «daydi topib, protokol tuzish»ni buyurgan rahbar lavozimidan ozod etildi. Bu haqda VAQT.UZ muxbiri xabar berdi.
© Манба: “Daryo” / Farrux AliyevToshkent shahrining Olmazor tumanida ichki ishlar tizimida faoliyat yuritgan rahbarning profilaktika inspektorlariga noqonuniy topshiriq bergani jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audio va videolarda u xodimlarni qattiq tanqid qilib, belgilangan «reja» bajarilmayotganini aytgan.
Tasvirlarda rahbar inspektorlarga ko‘chalardan «daydi» topib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishni talab qilgani eshitiladi. U hatto daydi shaxslar topilmagan taqdirda, qarindoshlarni daydi sifatida rasmiylashtirishni ham buyurgani qayd etilgan.
Shuningdek, u qisqa vaqt ichida ko‘p sonli — taxminan 300 ta ma’muriy bayonnoma tuzish vazifasini qo‘ygan. Bu holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidagi qonunbuzarlik va suiiste’mol alomatlari sifatida baholandi.
Mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.
11-aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapov ushbu xodim lavozimidan ozod etilganini ma’lum qildi. Bu haqda VAQT.UZ muxbiri xabar berdi.
Rasmiylarga ko‘ra, u Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan. Hozirda holat yuzasidan qo‘shimcha tekshiruvlar olib borilishi mumkinligi istisno etilmayapti.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining boshqa vakili Sharof Urolov mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha izoh berib, bunday topshiriqlar berilishi mutlaqo noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tizimda hech qanday majburiy “reja” yoki belgilangan kvota mavjud emas, profilaktika inspektorlari esa faqat o‘z xizmat vazifasi doirasida jinoyatchilikning oldini olish bilan shug‘ullanadi.
Urolov ta’kidlashicha, ayrim holatlarda daydilik va tilanchilik bilan bog‘liq vaziyatlarni aniqlash maqsadida reyd tadbirlari o‘tkazilishi mumkin, biroq bu aniq son yoki majburiy ko‘rsatkichlar asosida amalga oshirilmaydi. Bunday choralar, avvalo, jamoat xavfsizligini ta’minlash va fuqarolarning o‘zini xavfsiz his qilishi uchun qaratilgan.
Shu bilan birga, u ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaatlar, jumladan, daydi shaxs ishtirokidagi ayrim noxush holatlar mamlakatning xavfsizlik indeksiga ta’sir qilishi mumkinligini qayd etdi. Shu bois profilaktika ishlari doimiy ravishda olib borilishi zarurligi urg‘ulandi.
Vazirlik vakili, shuningdek, audioda tilga olingan “qarindoshni daydi qilish” kabi talablar mutlaqo qonunga zid ekanini bildirdi. Uning aytishicha, har qanday shaxsni daydi sifatida rasmiylashtirish yoki unga nisbatan chora ko‘rish faqat sud qarori orqali amalga oshiriladi va bu jarayon prokuror nazorati ostida bo‘ladi.





