Endi Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qildi

Kecha 21:253 daqiqa

Uning aytishicha, AQSH harbiy-dengiz kuchlariga Eronga ushbu yo‘l orqali o‘tish uchun boj to‘lagan kemalarni «qidirish va ushlab qolish» topshirilgan.

Endi Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qildi © Reuters

AQSH «yaqin vaqt ichida» Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qilishni boshlaydi, deb yozdi Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp bugun, 12-aprel kuni «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha kemalarga ham Eron va boshqa Yaqin Sharq mamlakatlari tomon, ham Arab dengizi tomonbo‘g‘oz orqali o‘tish taqiqlanadi. Oq uy rahbari blokadaga boshqa davlatlar ham qo‘shilishini ta’kidladi.

Tramp bu qarorni AQSH va Eron vakillari o‘rtasida Pokistonda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga erishilmagani bilan izohladi. Amerika yetakchisi, shuningdek, Eron tomonidan go‘yo bo‘g‘ozni ochish haqida berilgan va’daning buzilishini «jahon shantaji» deb atadi va bu yerda qoldirilgan minalarni sabab sifatida ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan u 11-apreldagi «suv yo‘lini minalardan tozalash» haqidagi bayonotini yana bir bor takrorladi.

«Bizga yoki tinch kemalarga o‘q uzgan har qanday eronlik butunlay yo‘q qilinadi!» – deb qo‘shimcha qildi u.

AQSH prezidenti, shuningdek, mamlakat harbiy-dengiz kuchlariga «xalqaro suvlarda Eronga bo‘g‘ozdan o‘tish uchun boj to‘lagan har bir kemani qidirish va to‘xtatish»ni topshirganini bildirdi.

«Noqonuniy boj to‘lagan hech kim ochiq dengizga xavfsiz chiqa olmaydi», – dedi Tramp.

Islomobod muzokaralari

Islomoboddagi muzokaralar yadroviy qurol va bo‘g‘oz masalasi tufayli muvaffaqiyatsiz yakunlandi. AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens, Amerika delegatsiyasiga rahbarlik qilgan holda, uzoq davom etgan muzokaralar yakunlariga ko‘ra:

«Yomon xabar shuki, biz kelishuvga erisha olmadik. Va menimcha, bu Eron uchun AQSHga qaraganda ancha yomon xabar», – dedi.

Eron TIV matbuot kotibi Ismoil Baqoiy esa tomonlar «bir qator masalalar bo‘yicha o‘zaro tushunishga erishganini», ammo «ikki-uchta muhim masala» bo‘yicha kelisha olmaganini aytdi.

Muammoli masalalardan biri yadroviy quroldan tashqari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘ldi. Eron muzokaralar davomida bo‘g‘oz ustidan nazorat va u orqali o‘tuvchi kemalardan boj undirish huquqini talab qildi. Mamlakat delegatsiyasi, shuningdek, AQSH taklif qilgan «qo‘shma nazorat» variantlarini rad etdi.

Bundan tashqari, Eron davlat agentligi «Fars» ma’lumotiga ko‘ra, Tehron Vashingtonning bu suv yo‘li va boshqa masalalar bo‘yicha talablarini «haddan tashqari» va «qabul qilib bo‘lmaydigan» deb hisoblamoqda. Mamlakat hukumati yakuniy kelishuvga erishilmaguncha Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishdan bosh tortmoqda.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi dunyodagi eng muhim energetik yo‘laklardan biri hisoblanadi. AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan keyin uning de-fakto yopilishi ta’minotda jiddiy uzilishlar va neft-gaz narxlarining keskin oshishiga olib keldi. Shu sababli uni qayta ochish muzokaralarning asosiy mavzularidan biri bo‘lib qolmoqda.

Muzokaralar kuni bo‘g‘oz orqali umumiy hajmi taxminan 6 mln barrel bo‘lgan uchta supertanker o‘tgan – bu oxirgi olti haftadagi eng katta ko‘rsatkich. Eron eksportini ham hisobga olganda, 11-aprel kuni umumiy yetkazib berish hajmi urushdan oldingi darajaning taxminan yarmini tashkil etgan.

Biroq bu ijobiy dinamika uzoqqa cho‘zilmadi: 12-aprel kuni muzokaralar barbod bo‘lgani haqidagi xabarlardan so‘ng, bo‘g‘ozdan chiqishga urinayotgan ikki neft tankeri oxirgi daqiqada orqaga qaytgan.

Teglar

Mavzuga oid