«O‘zsanoatqurilishbank» so‘nggi 3 oyda qancha foyda oldi?
2026 yilning birinchi choragida «O‘zsanoatqurilishbank»ning sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36 foizga o‘sdi.

«O‘zsanoatqurilishbank» 2026 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, bankning sof foydasi 550 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 146,1 mlrd so‘mga yoki 36,2 foizga ko‘pdir. 2025 yilning mos davrida bank 404 mlrd so‘m sof foyda olgan edi. Hisobot Yagona korporativ axborot portalida taqdim etildi.
Bank aktivlari
Bank aktivlari 104,45 trln so‘mga yetgan va yil boshiga nisbatan 2 trln so‘mga yoki 2 foizga oshgan.
Aktivlar tarkibida eng katta ulushni kredit va lizing operatsiyalari tashkil qildi. Ularning hajmi 60,7 trln so‘mga teng bo‘lib, jami aktivlarning 58,1 foizini qamrab olgan. Shu bilan birga, ehtimoliy zararlarni qoplash uchun 2,66 trln so‘mlik zaxira ajratilgan.
Bankning qimmatli qog‘ozlarga yo‘naltirilgan mablag‘lari 12,9 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, boshqa moliyaviy tashkilotlardan olinishi lozim bo‘lgan mablag‘lar 11,45 trln so‘mga teng bo‘lgan. Shuningdek, kredit hisoblarida sotib olingan aktivlar qiymati 1,53 trln so‘mni tashkil etgan.
Daromadlar
Daromadlar qismida foizli tushumlar 2,72 trln so‘mni, foizsiz daromadlar esa 3,62 trln so‘mni tashkil etgan. Xarajatlar esa mos ravishda 1,95 trln so‘m va 540,6 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Hisobot davrida bank xodimlariga 266,2 mlrd so‘m ish haqi to‘langan. Bu jami operatsion xarajatlarning 48,4 foiziga teng bo‘lgan. Shuningdek, foyda solig‘i 82,9 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi banklar 11 oy ichida 13,5 trln so‘m sof foyda olgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 57 foizga ko‘proq.
Eng ko‘p foyda quyidagi banklarda:
«Milliy Bank» — 1,45 trln so‘m;
«SQB» — 1,39 trln so‘m;
«Hamkorbank» — 1,27 trln so‘m;
«Kapitalbank» — 1,16 trln so‘m.
«Orient Finance Bank» — 793,5 mlrd so‘m.





