Hirotda O‘zbekiston savdo uyi ochiladi
110 nafar andijonlik tadbirkor Afg‘onistonda bo‘lib turibdi. Viloyatdan Afg‘onistonga jo‘ja, parranda go‘shti va tuxum eksport qilish, Afg‘onistondan esa go‘sht mahsulotlarini import qilish masalasi muhokama qilindi.
© Андижон вилояти ҳокимлигиJoriy yilning 11-aprel kuni Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligida 110 nafar tadbirkordan iborat delegatsiya Afg‘onistonga yetib bordi. Bu haqda ikkita idoraning matbuot xizmatlari xabar bermoqda.
Delegatsiyani Afg‘oniston savdo va investitsiyalar palatasi raisi Muxammad Saidkarim Xoshimiy, Savdo va sanoat vaziri o‘rinbosari Mavlaviy Shaxobiddin Sakib hamda O‘zbekistonning Afg‘onistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmonov kutib olgan. Tashrif doirasida delegatsiya Kobul va Hirot shaharlarida bo‘lishi rejalashtirilgan bo‘lib, Hirot shahrida yangi savdo uyini ochish ham ko‘zda tutilgan.
Bildirilishicha, ushbu tashrif Afg‘oniston bozorini o‘rganish, mahalliy talabga mos mahsulotlar ishlab chiqish, eksportni kengaytirish va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etildi.
Afg‘oniston tadbirkorlari bilan muloqot
Andijon viloyati delegatsiyasining Afg‘onistonga amaliy tashrifi doirasida mahalliy tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Ushbu uchrashuv tashrifning eng muhim tadbirlaridan biri bo‘ldi.
Muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan muammo va takliflar atroflicha eshitildi. Xususan, viza tartibini yengillashtirish, o‘zaro hisob-kitob mexanizmlarini takomillashtirish, dori-darmon ayirboshlash jarayonlarini soddalashtirish, paxta uchun urug‘ ta’minoti hamda sement mahsulotlarini tashish imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari tomonidan bildirilgan barcha taklif va muammolar qayd etilib, ularni amaliy hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishga kelishib olindi. Tomonlar bu kabi ochiq muloqotlar ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Kobulda Andijon mahsulotlari ko‘rgazmasi
Bugun, 12-aprel kuni Kobul shahrida Andijon viloyatida ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mazkur ko‘rgazmada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oziq-ovqat sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari, shuningdek, uy-ro‘zg‘or buyumlari va maishiy texnika vositalari keng namoyish etilmoqda. Unda jami bir yuz ellik turdan ortiq Andijonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar taqdim etilgan.
Abdurahmonov o‘tkazgan muzokaralar
Bugun, 12-aprel kuni Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri Mavlaviy Atoulloh Omari bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oziq-ovqat sanoati hamda qurilish materiallari kabi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Muzokaralarda, ayniqsa, Andijon viloyatidan jo‘ja va paranda go‘shti, tuxum kabi oziq-ovqat mahsulotlarini Afg‘oniston bozoriga keng joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, Afg‘onistondan go‘sht mahsulotlarini import qilish hamda samarali logistika zanjirlarini shakllantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirish, amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish va iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Abdurahmonov Kobul viloyati hokimi Aminilloh Ubayd bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida reja asosida ikki tomonlama istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, uchrashuvda Andijon viloyatida ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlarni Afg‘oniston bozoriga keng joriy etish, eksport hajmini oshirish va samarali logistika zanjirlarini shakllantirish masalalari yana bir bor muhokama markazida bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 4-aprel kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Qobul shahrida Afg‘oniston rasmiylari bilan qator muzokaralar o‘tkazgandi. Ikki kundan keyin esa Kobul shahrida «Afg‘oniston — Markaziy Osiyo maslahatlashuv muloqoti» o‘tkazildi. Ushbu uchrashuv 2021-yildan beri birinchi marta Afg‘oniston hududida tashkil etilgan. Bungacha Markaziy Osiyo davlatlari «Tolibon» vakillari bilan Ostona, Toshkent va boshqa shaharlarda uchrashgan.





