Fanlar akademiyasi 190 gektar yerdan ixtiyoriy voz kechdi

Toshkentda Fanlar akademiyasiga tegishli 190 gektar yer davlat zaxirasiga o‘tkazilib, poytaxt hokimligi tasarrufiga berildi.

Fanlar akademiyasi 190 gektar yerdan ixtiyoriy voz kechdi

Toshkent shahrida Fanlar akademiyasiga qarashli yer maydoni davlat balansiga qaytarildi. Shahar hokimining 10-aprelda imzolangan qaroriga muvofiq, mazkur yer hududi rasman poytaxt hokimligi tasarrufiga o‘tkazildi.

Hudud bo‘sh yer uchastkalari sifatida qayta hisobga olingan

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan «Ulug‘bek» mahallasi, Ulug‘bek shaharchasidagi 190 gektar yer maydonidan ixtiyoriy ravishda voz kechgan. Ushbu hudud davlat zaxirasiga topshirilib, bo‘sh yer uchastkalari sifatida qayta hisobga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur qaror 2026 yil 25-martda qabul qilingan «Toza havo» umummilliy loyihasi doirasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida qabul qilingan. Ushbu farmon poytaxtda ekologik vaziyatni yaxshilash va yashil hududlarni kengaytirishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, mazkur hududning bir qismida dendrologiya bog‘ini tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida Yadro fizikasi instituti va unga tutash hududlarda yashil maydonlar barpo etiladi. Ayrim yerlar esa kadrlar tayyorlash va innovatsion markazlar tashkil etish uchun ajratilgan holda qoldiriladi.

Milliy dendrologiya bog‘i

2026 yil 1-aprel kuni Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etish ishlariga rasman start berildi. Loyihaning dastlabki bosqichida 5 gektar maydonda ko‘chat ekish ishlari boshlangan.

Marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, ilk manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishda qatnashdi. Bu tashabbus poytaxtda ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid