Logo

Ehtiyojmand oilalarga yarim yilda elektr va gaz uchun 92 mlrd so‘m kompensatsiya to‘landi

Kompensatsiyani umumiy hisobda 562 ming 918 ta oila olgan.

Ehtiyojmand oilalarga yarim yilda elektr va gaz uchun 92 mlrd so‘m kompensatsiya to‘landi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun joriy yilning 6 oyi davomida 92,1 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lab berildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, bu pullarning 51,4 milliard so‘mi elektr energiyasi, 40,7 milliard so‘mi esa tabiiy gaz uchun to‘langan. Kompensatsiyani umumiy hisobda 562 ming 918 ta ehtiyojmand oila olgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston prezidentining 2025-yil 2-apreldagi PQ-134-sonli «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha belgilangan bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib berilmoqda.

Bunda elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha — oyiga bazaviy me’yordan 150 kVt soatgacha, tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha — isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq to‘lab beriladi.

Kompensatsiya olish bo‘yicha batafsil ma’lumotga ega bo‘lish uchun mahalladagi ijtimoiy xodimga, tumandagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga yoki agentlikning 1140 qisqa raqamli Call-markaziga murojaat qilish lozim.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda isitish mavsumi davomida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun 73,7 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilib, oilalarning kommunal xarajatlari yengillashtirilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Ehtiyojmand oilalarga yarim yilda elektr va gaz uchun 92 mlrd so‘m kompensatsiya to‘landi | Vaqt.uz