Emomali Rahmon o‘zbekcha maktablar masalasini ko‘tardi
Mamlakat prezidenti Tursunzodaga qilgan tashrifi chog‘ida mas’ullarga o‘zbekzabon aholi uchun yangi o‘quv muassasalarini barpo etish va ularni darsliklar bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Tursunzoda shahriga qilgan ishchi tashrifi chog‘ida o‘zbekzabon aholi uchun yangi maktablar qurishni buyurdi.
«Xovar» nashriga ko‘ra, Tojikiston rahbari respublika va shahar ta’lim sohasidagi mas’ullarga Tursunzodadagi o‘zbekzabon aholi uchun ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan muassasalar tashkil etish vazifasini yuklagan.
Shuningdek, ushbu maktablarni o‘zbek tilidagi darsliklar hamda boshqa zarur o‘quv materiallari bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Tursunzodada ta’lim kengaymoqda
Prezident o‘qituvchilarni zamonaviy fanlarni rivojlantirish, yangi texnika va texnologiyalardan samarali foydalanish, tabiiy va aniq fanlar, matematika hamda xorijiy tillarni chuqur o‘rgatishga chaqirgan.
Tursunzoda shahrida hozir 132 ta umumta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularda 78 863 nafardan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Shaharda Tojikiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga tayyorgarlik doirasida 24 ta ta’lim muassasasini qurish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar umumiy sig‘imi 8185 o‘quvchiga mo‘ljallangan 19 ta o‘quv binosi foydalanishga topshirilgan.





