Eron AQSHdan 290 mlrd dollar tovon puli undirmoqchi
Sud qarorlarini ijro etish doirasida AQSHga tegishli bir nechta kema ushlab qolingan. Belgilangan tovon pulining bir qismi ushbu kemalar hisobidan qoplanadi. Eron sudlari avvalroq ham Vashingtonga qarshi jami qariyb 40 mlrd dollarlik tovon puli undirish bo‘yicha qarorlar chiqargan.
© aurora-israel.co.ilEron AQSHdan jami 290 milliard dollar tovon puli undirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Eron sud hokimiyati qoshidagi advokatlar, rasmiy ekspertlar va maslahatchilar markazi rahbari Hasan Abdolianpur ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sud qarorlarini ijro etish doirasida AQSHga tegishli bir nechta kema ushlab qolingan. Belgilangan tovon pulining bir qismi ushbu kemalar hisobidan qoplanadi.
Abdolianpurning ta’kidlashicha, Tehron barcha sud qarorlarining to‘liq bajarilishiga erishmoqchi. Ma’lum qilinishicha, Eron sudlari avvalroq ham AQSHga qarshi jami qariyb 40 milliard dollarlik tovon puli undirish bo‘yicha qarorlar chiqargan. Jumladan, bullyoz epidermoliz kasalligi bilan og‘rigan bemorlar ishi bo‘yicha ham shunday qaror qabul qilingan. Buning natijasida bir nechta neft tashuvchi va yuk kemalari musodara qilingan.
Bundan tashqari, Eron Iordaniya va boshqa arab davlatlariga qarshi ham da’vo arizalari kiritgan. Tehron ulardan o‘z hududlaridan AQSH tomonidan Eronga zarba berish uchun foydalanilgani sababli tovon puli talab qilmoqda.
Eron hukumati tovon pulini qoplash uchun boshqa aktivlardan ham foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Masalan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va Fors ko‘rfazidagi AQSH hamda Isroilga tegishli savdo kemalarini qo‘lga olish va keyinchalik sotish rejalari ham bor.
Shu bilan birga, Eron ichki sudlardan tashqari, bir necha milliard dollarlik eski da’volar bo‘yicha xalqaro arbitraj sudlaridagi ko‘p yillik jarayonlarni ham davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron urushi dunyoning neftga qaramligini o‘zgartirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.





