Germaniya Markaziy Osiyo davlatlaridan Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya qilishni talab qildi

Unga ko‘ra,Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaga Yevropa cheklovlarini chetlab o‘tishga imkon bermoqda.

Germaniya Markaziy Osiyo davlatlaridan Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya qilishni talab qildi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohan Vadeful Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaga qarshi joriy etilgan Yevropa sanksiyalariga rioya qilishi va Ukraina tomonida turishi kerakligini ma’lum qildi. Bu haqda u Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston TIV rahbarlari bilan Berlindagi uchrashuv oldidan bayonot bergan.

Berlinning qat’iy pozitsiyasi va ayblovlar

Germaniya TIV rahbari Yohan Vadefulning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiyaning «harbiy mashinasi»ni to‘xtatish uchun joriy etilgan sanksiyalar Markaziy Osiyo orqali aylanib o‘tilmoqda. Vazir bu holatni shunchaki iqtisodiy masala emas, balki Yevropa xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid deb baholadi.

«Bugun men aniq aytmoqchiman: ushbu sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinishlar Rossiyaning bosqinchilik urushini qo‘llab-quvvatlaydi va shu tariqa Yevropa Ittifoqi xavfsizligi manfaatlariga bevosita tahdid soladi», — dedi Vadeful.

O‘zbekistonning munosabati

11-fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Berlinda Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohan Vadeful bilan uchrashdi. Unda strategik hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borilgan. Saidov yaqin kelajakda Germaniya TIV rahbarini Toshkentda kutishini ma’lum qilgan.

«Savdo, energetika va mintaqaviy barqarorlik kabi muhim yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishni maqsad qilganmiz. Shuningdek, bo‘lajak sammitlar va O‘zbekiston-Germaniya ishbilarmonlar kengashi kabi tashabbuslar orqali iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash muhimligini alohida ta’kidladik. Hamkorligimizni yanada ilgari surishni hamda yaqin kelajakda hamkasbimni Toshkentda qutlashni intiqlik bilan kutamiz», - deb yozdi Baxtiyor Saidov.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi 2026 yil 26-yanvarda Rossiya gaziga to‘liq taqiqni tasdiqladi. Shuningdek, fevral oyi oxirida Rossiyaga qarshi navbatdagi 20-sanksiyalar paketini qabul qilish rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid