
Hindistonda bosh vazir o‘rinbosarini olib ketayotgan samolyot qulab tushdi
Hindistonda Maxarashtra bosh vaziri o‘rinbosari Ajit Pavarni olib ketayotgan samolyot qo‘nish paytida halokatga uchrab, besh kishi vafot etdi.

Hindistonda 28-yanvar tongida Maxarashtra shtati rahbariyatini olib ketayotgan samolyot halokatga uchradi. Fojia oqibatida besh nafar inson, jumladan, shtat bosh vaziri o‘rinbosari Ajit Pavar halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Fuqarolik aviatsiyasi bosh boshqarmasi ma’lumotiga tayanib, mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, samolyot Mumbay shahridan mahalliy vaqt bilan soat 8:10 da parvoz qilgan. U taxminan yarim soatdan so‘ng Baramati aeroporti yaqinida qo‘nishga urinish paytida halokatga uchragan. Voqea joyidan olingan videolarda samolyotning parchalangan qoldiqlari, shuningdek, tez yordam mashinalari jabrlanganlarni shifoxonalarga olib ketayotgani aks etgan.
Halok bo‘lganlar orasida Ajit Pavar bilan birga uning xavfsizlik xizmati xodimlari va ekipaj a’zolari ham bor. Mutasaddilar hozircha halokat sabablari bo‘yicha rasmiy xulosa bermagan, tekshiruv ishlari olib borilayotgani bildirilgan.
Halok bo‘lgan Ajit Pavar kim edi?
66 yoshli Ajit Pavar mahalliy siyosatda katta ta’sirga ega shaxs hisoblanar edi. U kelasi oy o‘tkazilishi rejalashtirilgan mahalliy saylovlar oldidan bir qator muhim jamoatchilik uchrashuvlarida ishtirok etishi kutilgan. U Milliy Kongress partiyasiga aloqador taniqli siyosiy oila vakili bo‘lib, tajribali davlat arbobi sifatida tanilgan.
Hindiston prezidenti Droupadi Murmu ushbu fojia munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi. U o‘z murojaatida Baramatidagi aviahalokatni «nihoyatda ayanchli» deb baholab, marhumning oila a’zolari va uni hurmat qilgan barcha insonlarga tasalli izhor etdi.
«Maharashtra shtatining Baramati shahrida sodir bo‘lgan aviahalokat oqibatida bir necha kishi, jumladan, shtat bosh vaziri o‘rinbosari Shri Ajit Pavar halok bo‘lgani haqidagi xabar nihoyatda fojialidir. Ajit Pavarjining bevaqt vafoti o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishdir», dedi Murmu hind tilidagi murojaatida.





