Import oshdi, eksport kamaydi: O‘zbekistonning 8 oydagi tashqi savdo hajmi e’lon qilindi
Tashqi savdo balansida manfiy saldo yuqoriligicha qolmoqda. Mashina va uskunalar oqimi hisobiga import keskin o‘sishda davom etyapti.

O‘zbekistonning 2026 yil yanvar–avgust oylaridagi tashqi savdo aylanmasi 57,4 mlrd dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 mlrd dollarga yoki 7,6 foizga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Hisobot davrida eksport hajmi 22,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2025 yilning yanvar–avgust oylariga nisbatan 3,4 foizga kam. Import esa 34,5 mlrd dollarga yetib, bir yilda 16,3 foizga o‘sdi. Natijada tashqi savdo balansi 11,7 mlrd dollar miqdorida manfiy bo‘ldi.
Shu bilan birga, oltinni hisobga olmagan holda tovarlar eksporti 28,7 foizga o‘sib, 11,5 mlrd dollarni tashkil qildi. press_release_uzb_p16879
Xizmatlar eksporti o‘sdi
Yanvar–avgust oylarida xizmatlar eksporti 8,5 mlrd dollarga yetdi. Uning umumiy eksportdagi ulushi 37,4 foizni tashkil qilib, bir yilda 33,8 foizga oshdi.
Xizmatlar eksportining asosiy qismini sayohat va turizm — 54,1 foiz, transport xizmatlari — 30,5 foiz, telekommunikatsiya, komputer va axborot xizmatlari — 8,4 foiz tashkil etgan.
To‘qimachilik mahsulotlari eksporti ham o‘sgan. 8 oyda 2,1 mlrd dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari xorijga sotilgan bo‘lib, bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 26,9 foiz ko‘p.
Xitoy tashqi savdoda yetakchi
O‘zbekiston 2026 yilning dastlabki 8 oyida 200 dan ortiq davlat bilan savdo qilgan. Tashqi savdo aylanmasida eng katta ulush Xitoyga to‘g‘ri kelgan — 23 foiz. Keyingi o‘rinlarda Rossiya — 16 foiz, Qozog‘iston — 6,5 foiz, Turkiya — 3,4 foiz va Afg‘oniston — 2,5 foiz bilan qayd etilgan.
Xitoy bilan tashqi savdo aylanmasi 13,2 mlrd dollarga, Rossiya bilan 9,2 mlrd dollarga yetgan. Qozog‘iston bilan savdo 3,7 mlrd, Turkiya bilan 1,9 mlrd va Afg‘oniston bilan 1,4 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Import 34,5 mlrd dollar bo‘ldi
Import tarkibida eng katta ulush mashina va transport asbob-uskunalariga to‘g‘ri kelgan — 32,6 foiz. Sanoat tovarlari ulushi 14,7 foiz, kimyoviy vositalar va shu kabi mahsulotlar ulushi 12,1 foizni tashkil etgan.
Importning 65 foizdan ortig‘i Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya va Hindiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlari o‘rtasidagi nisbat so‘nggi yillarda o‘zgargan. 2021 yilda tashqi savdo aylanmasida Rossiya 17,9 foiz ulush bilan birinchi o‘rinda bo‘lgan, Xitoyning ulushi esa 17,7 foizni tashkil etgan. 2022 yilda ham Rossiya 18,6 foiz ulush bilan yetakchilik qilgan, Xitoy hissasi 17,8 foiz bo‘lgan. 2023 yildan Xitoy birinchi o‘ringa chiqqan. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy bilan tashqi savdo hajmi 17,2 mlrd dollar, Rossiya bilan esa 13 mlrd dollarni tashkil etgan. 2026 yil yanvar–avgust oylarida ham Xitoy birinchi o‘rinda qolib, ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi mos ravishda 13,2 mlrd va 9,2 mlrd dollarga yetgan.





