add

Iqtisodchi Behzod Hoshimov: «Har bir o‘zbekistonlikning daromadi olti barobarga oshsa, keyin Qozog‘istonga yetib olamiz»

07.07.2025 | 13:3042734

Iqtisodchi Behzod Hoshimovning fikricha, O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish sur’atlari Qozog‘iston darajasiga yetishi uchun kamida 30 yil talab etiladi. Ammo bu jarayonning amalga oshishi ham katta shubxa ostida qolmoqda.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov: «Har bir o‘zbekistonlikning daromadi olti barobarga oshsa, keyin Qozog‘istonga yetib olamiz»
Iqtisodchi Bexzod Hoshimov Cactuz podkastida O‘zbekiston iqtisodiyotining Qozog‘istonga yetib olishi amrimahol ekanligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rivojlangan va kambag‘al mamlakatlar iqtisodiy o‘sish sur’atlari o‘rtasida katta farq bor. Hoshimov misol tariqasida AQSHda yalpi ichki mahsulot (YAIM) aholi jon boshiga 76 ming dollardan oshishini, O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 3 ming dollar ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, kambag‘al mamlakatda hatto 5 foizlik iqtisodiy o‘sish ham aholi daromadiga katta ta’sir ko‘rsatmaydi. Iqtisodchiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti yillik 5 foizlik o‘sish bilan yuqori natijaga yetishi qiyin. Mulohaza qilinishicha, mamlakat iqtisodi kamida 8 foizdan o‘sishi lozim, shunda ham Qozog‘iston darajasiga yetib olish uchun taxminan 30 yil talab etiladi. «Biz shunchalik kambag‘almizki, Qozog‘iston darajasiga yetishimiz uchun har bir fuqaroning daromadi olti baravar oshishi kerak. Qozog‘istonda aholi jon boshiga YAIM 14 ming dollar bo‘lsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 3 ming dollar atrofida. Agar 10 yil davomida 5 foizdan o‘sishga erishsak ham, ular darajasiga yetib olishimiz juda qiyin», dedi Behzod Hoshimov. Iqtisodchining ta’kidlashicha, O‘zbekiston hatto dunyo bo‘yicha o‘rtacha daromadga ega davlatlar qatoriga kirishida ham muammolar bor. Chunki doimiy 5 foizlik o‘sishni ta’minlashning o‘zi ham shubhali hisoblanadi. Ma’lumot uchun, 2024 yilda Qozog‘iston yalpi ichki mahsuloti 288 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lib, bu aholi jon boshiga 14 ming dollardan ortiqni tashkil qiladi. O‘sha yili mamlakat aholisi 20,2 mln kishi bo‘lgan. O‘zbekistonda esa YAIM 115 mlrd dollarga yetgan va jon boshiga 3 ming 92 dollar to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich 37,2 mln aholiga nisbatan hisoblangan.

Teglar

Mavzuga oid