Logo

Jahon qarzi YAIMning 100 foiziga yaqinlashadi

Kecha 17:312 daqiqa

Hukumatlarga qarz yukini ushlab turishga yordam bergan arzon pullar va tez iqtisodiy o‘sish davri yakunlanmoqda.

Jahon qarzi YAIMning 100 foiziga yaqinlashadi © Foto: unsplash.com

Qarzi yuqori bo‘lgan davlatlar budjet xarajatlarini qisqartirishiga, markaziy banklar esa pul-kredit siyosatini qat’iy saqlab qolishiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva ma’lum qildi.

U XVJ va Jahon bankining yillik yig‘ilishlari oldidan Singapurda chiqish qilib, dunyodagi jami davlat qarzi Ikkinchi jahon urushidan keyingi darajalarga yaqinlashayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2030-yilga borib bu qarz miqdori jahon yalpi ichki mahsulotining (YAIM) 100 foizidan oshishi mumkin.

Uning ta’kidlashicha, muammo, ayniqsa, qarzdorlik darajasi yuqori bo‘lgan rivojlangan davlatlar uchun jiddiydir. Hukumatlar endi faqat iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish orqali budjetdagi muammolarni hal qila olmaydi. XVJ davlatlarni budjet taqchilligini kamaytirish va moliyaviy imkoniyatlarini tiklash bo‘yicha aniq, o‘rta muddatli rejalar ishlab chiqishga chaqirmoqda.

Shu bilan birga, davlatlarning qarz olish xarajatlari ham oshmoqda. AQSH, Germaniya va Yaponiyada 10 yillik davlat obligatsiyalari daromadliligi mos ravishda 2007, 2009 va 1996-yildan beri kuzatilmagan eng yuqori darajalarga yetdi.

Shu sharoitda Georgiyeva AQSH Federal zaxira tizimi, Yevropa Markaziy banki va Yaponiya Markaziy bankining yaqinda foiz stavkalarini oshirganini «juda o‘rinli» qaror deb atadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir ko‘plab davlatlar uchun pul-kredit siyosatini ehtiyotkorlik bilan qat’iy ushlab turish ma’qul bo‘lishi mumkin.

Jahon iqtisodiyotiga bosim qilayotgan yana bir omil — Eron ishtirokidagi urush sabab yuzaga kelgan energetika inqirozi. Neft narxi bir barrel uchun qariyb 100 dollar atrofida saqlanib qolmoqda. Bu XVJ iyul oyidagi prognozida hisobga olgan 89 dollarlik narxdan ancha yuqori. O‘sha paytda jamg‘arma jahon iqtisodiyoti 2026-yilda 3 foiz, 2027-yilda esa 3,4 foiz o‘sishini prognoz qilgan edi.

Georgiyevaning ogohlantirishicha, Fors ko‘rfazidagi mojaro tugaganidan keyin ham energiya narxlari ma’lum vaqt davomida yuqori bo‘lib qolishi mumkin. Shu bilan birga, jahon iqtisodiyotida bunga qarama-qarshi yana bir jarayon — sun’iy intellektga yo‘naltirilayotgan katta investitsiyalar kuzatilmoqda. XVJ hisob-kitoblariga ko‘ra, sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanish jahon iqtisodiy o‘sishiga har yili 0,5 foiz punktigacha qo‘shishi mumkin.

Biroq jamg‘arma rahbari bu sohada xavflar ham borligini ta’kidladi. Sun’iy intellektga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi temiryo‘llar, energetika va telekommunikatsiya sohalaridagi avvalgi yirik investitsiya to‘lqinlaridan ham oshib ketishi mumkin. Agar investorlarning kutgan natijalari o‘zini oqlamasa, bu katta iqtisodiy inqirozga olib kelishi mumkin.

Georgiyeva boshqa xavflar qatorida ish o‘rinlarining qisqarishi, kiberhujumlar va ilg‘or sun’iy intellekt tizimlarini nazorat qilish bilan bog‘liq muammolarni ham sanab o‘tdi.

XVJ jahon iqtisodiyotining yangilangan prognozini kelasi hafta Bangkokda bo‘lib o‘tadigan jamg‘arma va Jahon bankining yillik yig‘ilishlarida taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning tashqi qarzi oshgani, mamlakatning qo‘shnilarida ahvol qandayligi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid