Logo

«Mustaqillikning 25 yilligi» konidagi avariyani bartaraf etishga Xitoy kompaniyasi jalb qilindi

Prezident ishtirokidagi taqdimotda Surxondaryo viloyatidagi gaz konida yuzaga kelgan avariyani bartaraf etish ishlari muhokama qilindi.

«Mustaqillikning 25 yilligi» konidagi avariyani bartaraf etishga Xitoy kompaniyasi jalb qilindi

Surxondaryo viloyatidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» konida yuzaga kelgan avariyani bartaraf etish ishlariga Xitoyning ixtisoslashgan kompaniyasi jalb qilindi. Bu haqda 5-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalar muhokamasiga bag‘ishlangan taqdimotda ma’lum qilindi.

Taqdimotda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda avariyani bartaraf etish uchun maxsus texnika va uskunalar ish joyiga olib borilmoqda, shuningdek, quduqlarni burg‘ilash joylarida tayyorgarlik ishlari olib borilyapti.

Jarayonning barcha bosqichlarida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash eng muhim vazifalardan biri ekanligi qayd etildi.

Avariya va undan keyin quduqni yopishga urinishlar

Avariya 2024 yil sentabr oyida kondagi 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari vaqtida yuzaga kelgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1-sentabr kuni quduqda texnologik jarayon buzilishi oqibatida vodorod sulfid gazi chiqishi kuzatilgan. 17-sentabr kuni esa quduq yaqinida yana bir texnogen hodisa sodir bo‘lib, to‘rt kishi halok bo‘lgan, 11 kishi jarohatlangan.

2024 yil sentabr oyida avariya oqibatlarini bartaraf etish uchun respublika darajasidagi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat tezkor shtab tuzilgan. 15-sentabr kuni 604-sonli quduq germetiklangan va tabiiy gaz sizib chiqishi to‘xtatilgani ma’lum qilingan edi. Biroq keyinchalik kondagi avariya bilan bog‘liq muammo to‘liq bartaraf etilmagan.

2025 yil mart oyida quduqda yana portlash yuz bergan. O‘sha vaqtda Energetika vazirligi gaz chiqishining atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish maqsadida quduq yoqilganini ma’lum qilgan. Keyinroq, 2025 yil may oyida ham quduqda takroriy portlash qayd etilgan.

2026 yil fevral oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Boysunga tashrifi davomida kondagi murakkab texnologik masala bo‘yicha hamkorlar bilan ilmiy yechim topilganini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng avariyani bartaraf etish ishlari uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilish jarayoni boshlangan.

2026 yil iyun oyida «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov avariya oqibatlarini 2027 yilning birinchi yarmiga qadar to‘liq bartaraf etish rejalashtirilganini ma’lum qilgan. Avariyani bartaraf etish ishlariga Xitoyning CNPC kompaniyasi tarkibidagi mutaxassislar jalb qilingani aytilgan.

15-avgust kuni esa avariyaviy quduqni yopish bo‘yicha amaliy ishlar rasman boshlangan. Loyiha doirasida Xitoyning CNPC korporatsiyasi mutaxassislari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani va quduqni yopish bo‘yicha bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirilishi xabar qilingan.

Hozirgi bosqichda maxsus texnika va uskunalar konga safarbar qilinmoqda, quduqlarni burg‘ilash joylarida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. 5-oktabrdagi taqdimotda avariyani bartaraf etish jarayonining barcha bosqichlarida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish zarurligi qayd etildi.

Avariya oqibatlarini to‘liq bartaraf etish muddati sifatida 2027 yilning birinchi yarmi ko‘rsatilgan.

Teglar

Mavzuga oid