Toshkentda 100 ta jamoat hojatxonasi quriladi
Poytaxt markazi va turizm ko‘chalarida jamoat hojatxonalarini qurish uchun topografik ishlarga 140 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.

Toshkent shahrining markaziy va turizm ko‘chalari, xiyobonlar hamda aholi va mehmonlar tashrif buyuradigan obyektlar atrofida 100 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi tashkil etiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimining 5-oktabrdagi qarorida ma’lum qilindi.
Qarorga ko‘ra, shoxobchalar 2026 yilda zamonaviy loyihalar asosida soddalashtirilgan tartibda, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladi.
Amaldagi sanitariya me’yorlariga ko‘ra, jamoat hojatxonalari sanitariya-gigiyena shoxobchalari tarkibiga kiritiladi. Loyiha topshirig‘iga qarab, shoxobchalarda dush kabinalari, kiyim almashtirish hamda ona va bola xonalari ham tashkil etilishi mumkin.
Topografik ishlarga 140,4 mln so‘m ajratiladi
100 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasini joylashtirish uchun topografik ishlar bilan bog‘liq xarajatlarga 140,4 mln so‘m ajratish rejalashtirilgan. Mablag‘ Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.
Mablag‘ni «Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot, shaharsozlik kadastri loyiha ilmiy-tekshirish instituti» MCHJga ajratish bo‘yicha «Toshkent Invest kompaniyasi» AJ kuzatuv kengashiga taklif kiritiladi.
Ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini «Toshkent Invest kompaniyasi» AJ ta’minlaydi. Moliyalashtirish choralarini Toshkent shahar G‘aznachilik xizmati boshqarmasi ko‘radi.
Mablag‘larning maqsadli sarflanishi ustidan nazorat Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining Toshkent shahar boshqarmasiga yuklangan. Ajratilgan mablag‘lar ijrosi bo‘yicha xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga hisobot kiritiladi.
Qaror ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A. Shovkatov zimmasiga yuklangan.
