Logo

Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori aniqlandi

Kecha 17:192 daqiqa

Mukofot koinot neytrinolarini tadqiq etgan olimga berildi.

Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori aniqlandi

2026-yilgi fizika bo‘yicha Nobel mukofoti AQSHning Viskonsin universiteti — Medison olimi Frensis Halzenga berildi. U «IceCube neytrino observatoriyasini yaratishdagi hal qiluvchi hissasi hamda astrofizik kelib chiqishga ega yuqori energiyali neytrinolarni kashf etgani uchun» mukofotga sazovor bo‘ldi.

Nobel qo‘mitasiga ko‘ra, Halzen Janubiy qutbdagi ulkan muz qatlamidan neytrinolarni kuzatish uchun foydalanish mumkinligini anglab yetgan. Uning ilmiy g‘oyasi va rahbarligi bir kub kilometr hajmdagi muz qatlamiga yorug‘lik datchiklari o‘rnatilgan IceCube observatoriyasini barpo etishda muhim ahamiyat kasb etgan.

IceCube orqali olimlar olis koinotda sodir bo‘ladigan o‘ta yuqori energiyali jarayonlarda hosil bo‘lgan neytrinolarni qayd etish imkoniga ega bo‘ldi. Bu esa koinotning eng kuchli jarayonlarini o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

2025-yilgi fizika bo‘yicha Nobel mukofoti Jon Klark, Mishel Devore va Jon Martinisga elektr zanjirlaridagi makroskopik kvant-mexanik tunnellanish va energiyaning kvantlanishiga oid kashfiyotlari uchun berilgan edi.

Muz ostidagi observatoriya


Neytrino — elektr zaryadiga ega bo‘lmagan va modda bilan juda kam ta’sirlashadigan elementar zarracha. Shu sababli ular koinotdagi ulkan masofalarni deyarli to‘siqsiz bosib o‘tishi mumkin.

IceCube observatoriyasi Janubiy qutbdagi muz qatlami ichiga o‘rnatilgan minglab yorug‘lik datchiklaridan tashkil topgan. Neytrino muzdagi atomlar bilan kamdan-kam to‘qnashganda hosil bo‘ladigan zarrachalar harakati va yorug‘lik izlari orqali aniqlanadi.

Ushbu texnologiya tadqiqotchilarga neytrinolarning kelib chiqish manbalarini o‘rganish va yuqori energiyali kosmik jarayonlar haqida ma’lumot olish imkonini berdi. Nobel qo‘mitasi Halzenning ilmiy g‘oyasi observatoriya yaratilishida hal qiluvchi rol o‘ynaganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilgi Nobel haftaligi 5-oktabr kuni fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha mukofot laureatlarini e’lon qilish bilan boshlangan. Karl Deysserot, Peter Hegeman va Georg Nagel optogenetika sohasidagi kashfiyotlari uchun ushbu mukofotga sazovor bo‘ldi.

7-oktabrda kimyo, 8-oktabrda adabiyot, 9-oktabrda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari ma’lum qilinadi. Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan iqtisodiyot fanlari bo‘yicha mukofot esa 12-oktabrda e’lon qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid