Logo

Urganch — Xiva pulli yo‘lida ayrim avtomobillar uchun yo‘l haqi pasaytirildi

Kecha 23:002 daqiqa

Urganch — Xiva pulli avtomobil yo‘lidan foydalanish to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Urganch — Xiva pulli yo‘lida ayrim avtomobillar uchun yo‘l haqi pasaytirildi © Foto: president.uz

Transport vazirligi Urganch — Xiva pulli avtomobil yo‘lidan foydalanish tartibini belgilaydigan vaqtinchalik nizomni tasdiqladi. Hujjat 30-sentabr kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, Lex.uz saytida e’lon qilindi.

Nizom yangi trassada harakatni tashkil etish, yo‘ldan foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish, tariflarni belgilash va to‘lovlarni undirish tartibini belgilaydi. Hujjat loyihasi sentabr o‘rtasida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Yakuniy hujjatdagi eng muhim o‘zgarish yengil avtomobillar va mototsikllar uchun tarifning pasaytirilganidir. Butun Urganch — Xiva yo‘nalishidan foydalanish uchun endi BHMning 4 foizi, ya’ni 17 600 so‘m to‘lanadi. Dastlab 6 foiz, ya’ni 26 400 so‘m tarif taklif qilingan edi.

Narxlar:

rasm



To‘lov qanday amalga oshiriladi?

Haydovchilar yo‘l haqini bir necha usulda to‘lashi mumkin. Xususan, operator tizimida shaxsiy elektron hisob ochib, unga mablag‘ kiritish va yo‘ldan foydalanilganda to‘lovni avtomatik ravishda yechib borish mumkin.

Shuningdek, yo‘lga kirish joylaridagi maxsus to‘lov shoxobchalari orqali haq to‘lash yoki yo‘l talonini sotib olish imkoniyati ham mavjud. Tariflar, to‘lov usullari, harakatlanish shartlari va muqobil bepul yo‘nalishlar haqidagi ma’lumotlar yo‘lga kirish joylarida, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinadi.

Yo‘l haqi shlagbaumlar orqali yoki ularsiz, avtomobil davlat raqamini avtomatik aniqlash va o‘qish tizimi yordamida undirilishi mumkin. Raqamni yashirish, sun’iy o‘zgartirish yoki kamera uni o‘qishiga xalaqit berish taqiqlanadi.

Agar haydovchining elektron hisobida mablag‘ bo‘lmasa, operator unga to‘lov haqida bildirishnoma yuboradi. Unda avtomobil raqami, yo‘ldan foydalanilgan sana va vaqt, qarz miqdori hamda to‘lov usullari ko‘rsatiladi. Bildirishnoma yuborilganidan keyin besh ish kuni ichida qarz to‘lanishi kerak.

Qaysi mashinalar kirolmaydi?

Belgilangan muddatda to‘lov amalga oshirilmasa, operator qarzni undirish uchun sudga murojaat qilishi mumkin. Keyin ish Majburiy ijro byurosiga yuborilishi, transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish, sotish yoki boshqa shaxsga o‘tkazishga cheklov qo‘yilishi mumkin.

Pulli yo‘lda me’yordan ortiq gabarit yoki vaznga ega transport vositalari, qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalar, velosipedlar harakatlana olmaydi. Dvigateli 25 kub santimetrdan kichik yoki quvvati 0,25 kVtdan past moped va skuterlarga ham yo‘l yopiq.

Bundan tashqari, ushbu trassada transport vositalarini shatakka olish va xavfli yuklarni tashishga ruxsat berilmaydi. Operator yo‘l ishga tushishidan oldin trassaning texnik tayyorligi, to‘lov tizimi va axborot tablolarining ishlashini ta’minlashi shart.

Teglar

Mavzuga oid