Har yili 208 ta tuman va shaharning lider o‘qituvchilariga 30 mln so‘mdan mukofot beriladi
4-sinflar olimpiadasining tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan bolalar komputer, ularning ustozlari tuman bosqichi uchun 10 mln, viloyat uchun 50 mln, respublika uchun 100 mln so‘m mukofot oladi. Ayrim o‘qituvchi va pedagoglarning maoshiga 100 foiz ustama qo‘shiladi.
© Ijtimoiy tarmoqlarO‘zbekistonda fundamental fanlar o‘qituvchilari uchun rag‘batning yangi tizimi joriy etiladi. Bu haqda 30-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston universitetida o‘qituvchi va murabbiylar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, milliy sertifikatga ega pedagoglarga 50 foiz ustama to‘lanadi, har yili 208 ta tuman va shaharning lider o‘qituvchilariga 30 million so‘mdan mukofot beriladi. Yana 1 ming o‘qituvchi xorijda stajirovka o‘taydi. Kamida 15 yillik stajga ega pedagoglarning farzandlariga oliygoh kontrakti uchun foizsiz kredit ajratiladi. Xorijiy va milliy sertifikat olgan muallimlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplanadi.
Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Mendeleyev nomidagi xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglar to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy toifa oladi. Prezident ushbu tashabbuslar qariyb 100 ming o‘qituvchiga munosib rag‘bat bo‘lishiga ishonch bildirdi. Ta’kidlanishicha, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish uchun bolalar matematika, fizika, kimyo va biologiyani maktabdanoq chuqur o‘zlashtirishi zarur. Shu maqsadda sinfda 25 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lsa, ushbu fanlar ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ham fan olimpiadalari yo‘lga qo‘yiladi. Kelasi yildan 4-sinflar olimpiadasining tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan bolalar komputer oladi. Ularning ustozlariga tuman bosqichi uchun 10 million, viloyat uchun 50 million, respublika uchun 100 million so‘m mukofot beriladi.
Yangi o‘quv yilidan 100 ta maktabning bittadan sinfida matematika, informatika va tabiiy fanlar to‘liq ingliz tilida o‘qitiladi. Loyihaga jalb etilgan o‘qituvchilar hamda maktabga tayyorlov guruhi pedagoglarining maoshiga 100 foiz ustama qo‘shiladi.
Maktablar pedagogik jamoaning salohiyati hamda o‘quvchilarning ta’lim va tarbiyadagi natijalariga qarab toifalarga ajratiladi. Ilg‘or maktab boshqa maktablarga o‘z tajribasini o‘rgatib, ularni yuqori toifaga olib chiqsa, uning pedagogik jamoasi 30 foiz ustama oladi.





