O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari olti oyda 5,5 mlrd dollarga yetdi
Mehnat migrantlari tomonidan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilga nisbatan 13,1 foizga o‘sgan.
© vaqt.uzMarkaziy bank 2026 yilning ikkinchi choragi bo‘yicha Mehnat bozori sharhida tashqi mehnat migratsiyasi va pul o‘tkazmalari dinamikasidagi o‘zgarishlarni tahlil qildi.
Hisobotga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida Rossiyaga ishlash maqsadida borgan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,18 mln nafarni tashkil etgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 13,2 foizga kam.
Rossiyada patent asosida ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni ham qisqargan. Hisobot davrida mazkur ko‘rsatkich 9,2 foizga pasaygan.
Pul o‘tkazmalari o‘sdi
Shu davrda pul o‘tkazmalari ham o‘sishda davom etgan. Birinchi chorakda O‘zbekistonga 3,8 mlrd dollar yuborilgan bo‘lsa, ikkinchi chorakda bu ko‘rsatkich 5,5 mlrd dollarni tashkil etgan.
Yanvar–iyun oylarida Qozog‘istondan pul o‘tkazmalari 28,2 foizga, AQSHdan 18,8 foizga, Turkiyadan 14,2 foizga va Janubiy Koreyadan 11,4 foizga oshgan.
Rossiyadan kelgan pul o‘tkazmalari esa 8,8 foizga ko‘paygan. Bu Rossiyaga mehnat migratsiyasi qisqargan sharoitda ham mazkur yo‘nalish O‘zbekiston uchun muhim manba bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.
Markaziy bank Rossiya yo‘nalishidagi migratsiya oqimining qisqarishi ichki mehnat bozorida ishchi kuchi taklifini oshirishi mumkinligini qayd etgan.
Migratsiya yo‘nalishlari o‘zgarmoqda
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya, Janubiy Koreya, Yevropa Ittifoqi va AQSHdagi o‘zbekistonliklarning umumiy soni 2024-yilda 10,1 foizga, 2025-yilda esa 8 foizga oshgan. Yil yakunida ularning soni qariyb 320 ming nafarga yetgan.
Yevropa Ittifoqidagi o‘zbekistonlik migrantlar soni 2025-yilda 13,2 foizga, Turkiyada esa 10,7 foizga ko‘paygan.
2026-yil 1-iyul holatiga Turkiyadagi o‘zbekistonliklar soni 70 ming nafarga yetgan. Bu yil boshiga nisbatan 9,3 foizlik o‘sishni anglatadi. Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar soni esa 102,2 ming nafar bo‘lib, 3,3 foizga oshgan.





