Logo

Senat 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini ma’qulladi

Kecha 14:123 daqiqa

Qonun 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish, zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar bolalar bilan ishlashini cheklash kabi o‘zgarishlarni nazarda tutadi.

Senat 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini ma’qulladi © senat.uz

Oliy Majlis Senatida 2-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni ko‘rib chiqildi.

Senator Abdulxakim Eshmurodov keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan shaxsni zo‘rlash bo‘yicha 2022-yilda 85 ta, 2023-yilda 108 ta, 2024-yilda 129 ta va 2025-yilda 123 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda jinsiy ehtiyojni qondirish bo‘yicha esa ushbu yillarda 144, 163, 170 va 116 ta holat qayd etilgan. Voyaga yetmaganlarga nisbatan shahvoniy shilqimlik bo‘yicha murojaatlar soni 2023-yildagi 56 tadan 2025-yilda 141 taga yetgan.

Muhokama qilingan qonun Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-ijroiya va Mehnat kodekslariga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Jazo va cheklovlar

Qonunga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tekkanlik hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirganlik uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Shuningdek, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatlarining o‘tib ketganligi qo‘llanilmaydi.

Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish ham taqiqlanadi.

Zo‘ravonlikda aybdor deb topilgan ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlarining bolalar bilan ishlashiga ham cheklov joriy etiladi.

Mehnat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishga ko‘ra, bunday xodim bilan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin.

Senator Pokiza Axmedjanovaning ma’lum qilishicha, 2025-yilda maktab va bog‘chalarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq 122 ta holat aniqlangan. Shundan 38 tasi maktabgacha ta’lim muassasalarida, 84 tasi maktablarda qayd etilgan.

Bola jabrlanuvchi sifatida himoyalanadi

Qonun jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalar uchun protsessual kafolatlarni ham kengaytiradi.

Ular protsessual harakatlarga jalb etilgan ilk daqiqalardan boshlab davlat hisobidan bepul malakali yuridik yordam olishi mumkin bo‘ladi.

Voyaga yetmagan jabrlanuvchilarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuvga qayd etish belgilanmoqda. Jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat qurboni bo‘lgan bola bilan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirish esa maxsus tartibda o‘tkaziladi.

Jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi o‘rtasida yuzlashtirish faqat tergovchi yoki prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida amalga oshiriladi.

Agar zo‘ravonlik oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, protsessual jarayonlarda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtiroki majburiy bo‘ladi.

Qonun ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyatini ham kuchaytiradi. Bolaning asosiy ehtiyojlarini qasddan qanoatlantirmaslik, uni zararli axborotdan himoya qilmaslik va bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini bajarmaslik uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar hamda bolalarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida, ularning so‘roviga ko‘ra, murojaat natijasi bo‘yicha yozma yoki elektron javob yashash manziliga yuborilmasligi mumkin.

Qonun Senat tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun prezidentga yuborildi.

Ma’lumot uchun, qonun muhokamasi Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat bog‘chasida 5 yoshli tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani haqidagi holat ortidan kuchaydi. 12-sentabr kuni mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi — 14 yoshga to‘lmagan shaxsni zo‘rlash bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bog‘cha xodimi Q.M. qamoqqa olingan.

Teglar

Mavzuga oid