AQSH Markaziy Osiyo kiberxavfsizligi uchun pul ajratdi
Ajratilgan mablag‘ kiberxavfsizlik bo‘yicha asosiy ko‘nikmalarni yaxshilash, kiberxujumlarga tezkor javob berish imkoniyatlarini kuchaytirish, muhim infratuzilmani himoya qilish, moliya sektorining xavfsizligini mustahkamlash va kiberxavfsizlik bo‘yicha siyosatni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
© iStockAQSH Markaziy Osiyo davlatlariga kiberxavfsizlik va raqamli sohani rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun 5 million dollar ajratdi. Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha vazifasini bajaruvchi yordamchi kotibi o‘rinbosari Mark Kemeron bu haqda Ostonada bo‘lib o‘tgan «C5+1 Super Intelligence» konferensiyasida ma’lum qildi.
Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va AQSH vakillari ishtirok etmoqda. Konferensiyada neyron tarmoqlar, raqamli infratuzilma va ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish hamda AQSH texnologiya kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Kemeronning so‘zlariga ko‘ra, AQSH yordami CRDF Global orqali amalga oshiriladi. Ajratilgan mablag‘ kiberxavfsizlik bo‘yicha asosiy ko‘nikmalarni yaxshilash, kiberxujumlarga tezkor javob berish imkoniyatlarini kuchaytirish, muhim infratuzilmani himoya qilish, moliya sektorining xavfsizligini mustahkamlash va kiberxavfsizlik bo‘yicha siyosatni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Kemeronning ta’kidlashicha, bu ishlar AQSHning Markaziy Osiyo uchun yanada xavfsiz raqamli kelajakni yaratishga qaratilgan kengroq sa’y-harakatlarining bir qismi hisoblanadi.
Konferensiyada, shuningdek, IT-startaplarni qo‘llab-quvvatlash, sun’iy intellekt bo‘yicha tadqiqot va ta’lim sohasidagi hamkorlik, raqamli xizmatlarni rivojlantirish, telekommunikatsiya infratuzilmasi va ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda.
Ostonadagi ushbu tadbir o‘tgan yil noyabr oyida Vashingtonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va AQSH prezidenti Donald Tramp ishtirokida bo‘lib o‘tgan C5+1 sammitida erishilgan kelishuvlardan keyin tashkil etildi.
Konferensiyada sun’iy intellekt sohasida ishlatiladigan atamalarga ham e’tibor qaratilmoqda. 22-sentabr kuni Tramp BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida «sun’iy intellekt» (artificial intelligence) o‘rniga «super intellekt» (super intelligence) atamasidan foydalanmoqchi ekanini aytdi.
«Associated Press» xabariga ko‘ra, 24-sentabr kuni AQSH Davlat departamenti Xalqaro tashkilotlar masalalari byurosidagi amerikalik diplomatlariga rasmiy muloqotlarda «sun’iy intellekt» o‘rniga «super intellekt» atamasidan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
C5+1 formati Markaziy Osiyoning besh davlati — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston — hamda AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni nazarda tutadi. AQSH hukumati C5+1 formatini barcha besh Markaziy Osiyo davlati hukumatlari bilan hamkorlik qilish va muloqot olib borish platformasi sifatida ta’riflaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp tomonidan Eronga qarshi boshlangan «Iqtisodiy quvg‘indi» kampaniyasi Markaziy Osiyo davlatlarini og‘ir tanlov qarshisida qoldirgandi.





