Logo

Ayrim hududlarda xususiy maktab ochish uchun 1,5 mlrd so‘mgacha subsidiya beriladi

Kecha 17:123 daqiqa

Barcha tumanlarda bo‘sh davlat binolari xususiy maktab ochish uchun 10 yilga bepul ijaraga beriladi. Xususiy texnikum tashkil etadigan tadbirkorlar soliq imtiyozi va yer narxidan chegirma oladi. Bundan buyon mintaqaviy va xalqaro kasb tanlovi g‘olibini tayyorlagan ustga 100 mln so‘m, jahon miqyosidagi nufuzli musobaqa g‘olibini tayyorlagan ustozga 200 mln so‘m mukofot beriladi.

Ayrim hududlarda xususiy maktab ochish uchun 1,5 mlrd so‘mgacha subsidiya beriladi

Prezident o‘quv yuklamasi yuqori bo‘lgan 52 ta tumanda xususiy maktablar ochishni qo‘llab-quvvatlashning yangi moliyaviy mexanizmlarini e’lon qildi. Ushbu hududlarda maktab tashkil etish uchun 7 yillik 10 foizli imtiyozli kredit, ochish va jihozlash xarajatining 15 foizigacha, ko‘pi bilan 1,5 milliard so‘m subsidiya beriladi. Binosini maktabga ijaraga berganlar yer va mol-mulk solig‘idan imtiyoz oladi.

Barcha tumanlarda bo‘sh davlat binolari xususiy maktab ochish uchun 10 yilga bepul ijaraga beriladi. Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish xarajatining yarmi qoplanadi.

Farzandi xususiy maktabda o‘qiydigan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasi 3 milliondan 6 million so‘mga oshiriladi. Prezident matbuot kotibining yozishicha, bu oilalarga yiliga 6-7 million so‘m tejash imkonini beradi. Soliq idoralari to‘lovlarni har oy yakunida avtomatik qaytarish tizimini yo‘lga qo‘yadi.

Joriy yil 1-sinfga 800 ming bola qabul qilindi — o‘tgan yilgiga nisbatan 10 foiz ko‘p. 2030-yilga borib, ularning soni 1 millionga yetishi kutilmoqda. Har yili investitsiya dasturlari hisobidan 180-200 ming o‘quvchi o‘rni yaratilmoqda.

Ikki yilda inklyuziv muhit yaratilgan maktablar soni 729 tadan 3 ming 591 taga, ya’ni qariyb besh barobarga oshdi. Davlat rahbari alohida g‘amxo‘rlikka muhtoj farzandlar doimiy e’tiborda bo‘lishini ta’kidladi.

Yaqinda Toshkent shahrida ko‘p funksional inklyuziv resurs maktabi ish boshladi. U yerda ko‘rish, eshitish yoki harakatlanishida nuqsoni bo‘lgan, shuningdek, ruhiy rivojlanishda qo‘shimcha yordamga muhtoj bolalar sog‘lom tengdoshlari bilan bir muhitda o‘qib, tarbiya oladi. Bunday maktablar yil oxirigacha Xorazm, Jizzax va Samarqand viloyatlarida, kelgusi ikki yilda esa barcha hududlarda ochiladi.

Davlat rahbari bog‘chalar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. O‘yin orqali ta’lim berishga qaratilgan dastur hozir bog‘chalarning 30 foizida amal qiladi. Yil yakuniga qadar u 38 mingdan ortiq bog‘chaning barchasiga joriy etiladi.

Toshkentda UNESCO shafeligida Bolalarni erta yoshdan ta’limga jalb qilish mintaqaviy markazi va Italiyaning Rejjio Emiliya markazi ish boshladi. Ular xalqaro standartlar va innovatsion yechimlarni joriy etish, o‘yin orqali ta’lim bo‘yicha amaliy qo‘llanmalar tayyorlashga xizmat qiladi.

Har yili 50 nafar ilg‘or tarbiyachi xorijda stajirovka o‘taydi, barcha bog‘chalar uchun 100 ta videokontent tayyorlanadi. Uch yillik dastur asosida davlat bog‘chalari elektron doska, komputer va rangli printer bilan jihozlanadi.

«Ayollar ishli bo‘lsa, oilaga qo‘shimcha daromad kiradi, bolalarning bilim olishiga ko‘proq sharoit yaratiladi», — dedi prezident.

Shu bois, 2027-yil 1-yanvardan 2-3 yoshli farzandini oilaviy bog‘chaga bergan ishli onalarning badal puli budjet hisobidan qoplanadi. Bog‘cha tarbiyachilariga ishlab turib oliy ma’lumot olish imkoni yaratilgan. Joriy yil ularning 7 ming nafari oliygohga kirdi: haftada besh kun ishlab, bir kun o‘qimoqda. Kelasi o‘quv yilidan tarbiyachilar uchun pedagogika oliygohlaridagi o‘qish muddati to‘rt yildan uch yilga qisqaradi. Bog‘chada kamida besh yil ishlagan tarbiyachi yordamchilari ham bu imkoniyatdan foydalanishi mumkin.

Xalqaro dasturlar bosqichma-bosqich barcha texnikumlarga joriy etiladi. Buning uchun ustalarni tayyorlash va rag‘batlantirish ham kuchaytiriladi: kelasi yildan xalqaro kasb sertifikatiga ega ustaga 50 foiz ustama to‘lanib, sertifikat xarajati to‘liq qoplanadi. Har yili 500 nafar texnikum ustasi Germaniya, Shveysariya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlarda stajirovka o‘taydi.

Bundan buyon mintaqaviy va xalqaro kasb tanlovi g‘olibini tayyorlagan ustga 100 million so‘m, jahon miqyosidagi nufuzli musobaqa g‘olibini tayyorlagan ustozga 200 million so‘m mukofot beriladi.

Xususiy texnikum tashkil etadigan tadbirkorlar soliq imtiyozi va yer narxidan chegirma oladi. Kelasi o‘quv yilidan sanoat, servis va infratuzilma kabi muhim sohalarga kadr tayyorlaydigan xususiy texnikum o‘quvchilarining 50 foiziga davlat granti ajratiladi. Xalqaro dastur va franshiza olib kelish xarajatining 75 foizi qoplanadi. O‘quv laboratoriyalari va jihozlarini olib kirish bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda har yili 208 ta tuman va shaharning lider o‘qituvchilariga 30 mln so‘mdan mukofot berilishi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid