Logo

Qozog‘iston uchun neft va gazni Yevropaga olib chiqishning yangi yo‘li topildi

Kecha 19:395 daqiqa

Yaqin Sharqdagi mojaro va Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi fonida Yevropada neft tanqisligi kuchaydi. Shu sababli Kaspiybo‘yi davlatlarida neft yetkazib berishning yangi yo‘llari masalasi yana kun tartibiga chiqdi. «O‘rta koridor» neftni tashish uchun barqaror eksport yo‘liga aylana oladimi? Qozog‘iston o‘zining energiya eksport yo‘nalishlarini o‘zgartira oladimi va bu iqtisodiy hamda siyosiy jihatdan nimalarga olib keladi?

Qozog‘iston uchun neft va gazni Yevropaga olib chiqishning yangi yo‘li topildi © sun'iy intelekt

Ekspertlarning fikricha, Kaspiybo‘yi davlatlari orasida aynan Qozog‘iston Kaspiy orqali uglevodorodlarni tashqi bozorlarga yetkazadigan yangi yo‘lni yaratish jarayonida yetakchi bo‘lishi, bundan iqtisodiy foyda ko‘rishi va siyosiy jihatdan muvofiqlashtiruvchi rolni bajarishi mumkin.

Chiqish nuqtasini o‘zgartirish kerak

Kaspiy dengizining tubidan neft quvurini o‘tkazib, yiliga 50 million tonnadan ortiq neftni tashqi bozorga chiqarish g‘oyasi 2000-yillarning o‘zidayoq paydo bo‘lgan. O‘sha paytda Transkaspiy energetika yo‘lagi haqida gapirilgan: neftni Aqtau va Quriq portlaridan Ozarboyjonning Boku shahriga yetkazish, keyin esa Boku–Tbilisi–Jayhon neft quvuri orqali tashish rejalashtirilgan edi. Ammo turli sabablarga ko‘ra loyiha amalda boshlanmadi.

2022-yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilik boshlanganidan keyin Rossiya hududini chetlab o‘tadigan ushbu yo‘l g‘oyasiga yana qaytildi. Ammo o‘shanda ham gap faqat muhokamalar bilan cheklanib qoldi.

Endilikda Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi va buning oqibatida Yevropa bozorlarida neft tanqisligi yuzaga kelgani sababli Kaspiy dengizi tubidan neft quvuri o‘tkazish g‘oyasi yana dolzarb bo‘ldi.

«Aqtau va Quriq portlaridan tankerlar orqali neftni Ozarboyjon tomoniga olib o‘tish — suv orqali taxminan 300–400 kilometr masofani bosib o‘tish degani. Garchi bugungi kunda bu yo‘l jozibador va xavflarni kamaytiradigan variant bo‘lsa-da, mintaqadagi neft ta’minoti balansini tubdan o‘zgartira olmaydi. Buning sababi — Kaspiy dengizi sathining o‘zgarib turishi bilan bog‘liq texnik cheklovlar, shuningdek, hozirgi tankerlar soni va port infratuzilmasining imkoniyatlari. Agar neft yetkazib berish uchun yanada ishonchli va xavfsiz muqobil yo‘llar yaratilishi haqida gap ketayotgan bo‘lsa, to‘liq Transkaspiy neft quvurlarini ko‘rib chiqish kerak», — deydi boshqaruv konsaltingiga ixtisoslashgan xalqaro «Boston Consulting Group» (BCG) kompaniyasi hamkori, ekspert Aleksandr Tishkov.

Tishkovning fikricha, neftni tankerlar orqali tashish eng yaxshi variant emas. Chunki uning imkoniyatlari bir qator omillar bilan cheklangan.

Hatto Qozog‘iston va Ozarboyjon portlarni chuqurlashtirish loyihalarini amalga oshirsa ham, tankerlar sonini ko‘paytirsa ham, ob-havo sharoiti va mavjud infratuzilmadagi cheklovlar eksport hajmini cheklab turadi.

Bundan tashqari, Kaspiy dengizi hozir faol ravishda sayozlashib bormoqda va bu jarayon oxir-oqibat qanday oqibatlarga olib kelishi hozircha noma’lum. Uning fikricha, eng yaxshi variant — Kaspiy dengizi tubidan neft quvuri o‘tkazish.

«Bu masala ko‘p marta muhokama qilingan. Ya’ni, bu yangi g‘oya emas, balki eksportni diversifikatsiya qilishning anchadan beri muhokama qilinayotgan variantidir», — deydi ekspert.

Gap Transkaspiy neft quvurini qurish haqida ketmoqda.

Avvalroq Quriq порт­идан Kaspiy dengizining chuqur qismi orqali Ozarboyjon portlariga neft yetkazish varianti ko‘rib chiqilgan edi. Bunday yo‘l esa loyihani ancha qimmatlashtiradi.

«Agar Qozog‘istondan chiqish nuqtasini janubroqqa ko‘chirish mumkin bo‘lsa, bu investitsiya xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi, quvurni qurishni osonlashtiradi va uni Absheron yarimorolining shimoliy qismiga yaqinlashtiradi», — deydi ekspert.

Imkoniyatlar, muhim jihatlar va to‘siqlar

Bu yerda muhim bir jihat bor. Aynan shu sababli Qozog‘iston neft quvuri loyihasini amalga oshirishda yetakchi rolni o‘z zimmasiga olishi mumkin. Kaspiy dengizida Ozarboyjon va Turkmaniston o‘rtasidagi dengiz chegarasi hozirgacha to‘liq aniqlanmagan. Bu esa dengiz tubining bahsli hududlarida neft-gaz loyihalarini amalga oshirishni qiyinlashtiradi. Gap faqat neft va gazni tashish haqida emas, balki konlarni o‘zlashtirish haqida ham ketmoqda. Bunga eng mashhur misollardan biri — uglevodorodlarga boy bo‘lgan kon atrofidagi ko‘p yillik bahs. Ozarboyjon bu konni «Kyapaz», Turkmaniston esa «Serdar» deb atagan.

2021-yilning yanvar oyida Ozarboyjon va Turkmaniston memorandum imzolab, orolga rasman «Do‘stlik» nomini berdi. Ammo davlatlar hanuzgacha ulushlar va daromadlarni qanday taqsimlash, shuningdek, neft va gazni qaysi yo‘nalish orqali tashish masalasida to‘liq kelisha olmagan. Bu jarayonda ishtirok etmayotgan Qozog‘iston uchun esa barcha tomonlar bilan kelishish nisbatan osonroq bo‘lishi mumkin.

«Quvur infratuzilmasini yaratish va Turkmaniston tomonidan Qozog‘iston tomoniga ulanadigan quvur qurish Transkaspiy neft quvurining investitsion jozibadorligini yanada oshirishi va bunday loyiha uchun katta o‘zgarish olib kelishi mumkin», — deb hisoblaydi Aleksandr Tishkov.

Hozir esa, uning so‘zlariga ko‘ra, Turkmaniston gazini G‘arbga eksport qilish jismoniy infratuzilma yo‘qligi sababli qiyin. Bundan tashqari, Kaspiy dengizi tubining chegaralarini aniq belgilash bo‘yicha siyosiy va huquqiy masala ham hali hal qilinmagan.

«Mumkin bo‘lgan variantlardan biri — neft va gaz uchun ikkita parallel quvur qurish», — deydi Tishkov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, masalan, Turkmanistonni ham ushbu loyihaga qo‘shish orqali olinadigan qo‘shimcha iqtisodiy foydani hisoblash Kaspiybo‘yi davlatlarining yanada yaqinlashishiga xizmat qilishi mumkin.


Boshqa davlatlarning manfaatlarini ham e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi

Aleksandr Tishkovning ta’kidlashicha, Transkaspiy loyihalarini amalga oshirish Kaspiybo‘yi davlatlarining barchasi ishtirokidagi ko‘p tomonlama muzokaralarni talab qilishi mumkin.

«Bunday loyihalarga iqtisodiy nuqtai nazardan yondashish va aniq reja kerak. Agar Kaspiy mintaqasini umumiy holda ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, muzokaralar davomida har bir tomon olishi mumkin bo‘lgan foyda muvozanatli bo‘lishi kerak. Menimcha, shunday muvozanatli yechim loyihaning amalga oshishiga olib kelishi mumkin», — deydi ekspert.

«Muvozanatli va har tomonlama manfaatlar» haqida gapirar ekan, «Nightingale Int» tadqiqotlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Allen Alekeyev Kaspiy mintaqasi orqali «O‘rta koridor»ni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan G‘arb davlatlarining manfaatlarini ham hisobga olish muhimligini ta’kidlaydi.

«1990-yillardan beri mintaqada yirik G‘arb investorlari va kompaniyalari, birinchi navbatda AQSH va Buyuk Britaniya, shuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatlari kompaniyalari faoliyat yuritib kelmoqda. Bunday koridorning rivojlanishi Janubiy Kavkaz va Ozarboyjonning mavqeini kuchaytirishi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlariga neft, gaz va boshqa resurslarni yangi bozorlarga olib chiqish hamda eksport hajmini oshirish imkonini berishi mumkin», — deya ta’kidladi Allen Alekeyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘rta koridor»ga investitsiyalar 2040-yilga borib savdo hajmini uch baravardan ziyod oshirishi mumkinligi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid