Qurilishda aniqlangan qonunbuzilishlar uchun 68,6 mlrd so‘mlik jarimalar belgilandi
Davlat xaridlari sohasida 3 mlrd so‘mlik tenderda qonunbuzilishning oldi olingan, 869,5 mln so‘mlik ishlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaSenatning 20-yalpi majlisida qurilish sohasida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Parlament so‘rovi doirasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tizimida korrupsiyaviy xavflarni baholash, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, davlat xaridlarining shaffofligini ta’minlash, davlat arxitektura nazoratini kuchaytirish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi. Jumladan, korrupsiyaviy xavflarni funksional baholash natijasida 95 ta past, 10 ta o‘rta va 1 ta yuqori xavfli yo‘nalish aniqlangan.
Shuningdek, davlat arxitektura nazorati tadbirlari davomida 1,65 mingta qonunbuzilish holati hamda 1,1 mingta o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshoot aniqlangan. Mazkur holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilib, 624 ta holatda ma’muriy choralar qo‘llangan, jarimalarning umumiy miqdori 68,6 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shu bilan birga, sohada raqamli nazorat mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan avtomatlashtirilgan tizim bilan ta’minlangan hamda «Notarius», «E-ma’muriy ish», «Adolat» va «UzKad» axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan.
Davlat xaridlari sohasida «Masofaviy audit» mexanizmidan foydalanish natijasida 3 mlrd so‘mlik tenderda qonunbuzilishning oldi olingan, 869,5 mln so‘mlik qonunbuzilish materiallari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Majlisda qurilish sohasida korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishda normativ talablarning aniq va tushunarli bo‘lishiga ham alohida e’tibor qaratildi. Vazirlik tomonidan 105 ta eskirgan normativ-texnik hujjat qayta ishlangan, 76 ta hujjatning majburiy maqomi bekor qilinib, ma’lumot uchun tavsiyaviy toifaga o‘tkazilgan.
Senatorlar o‘z chiqishlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda qonunbuzilish sodir etilganidan keyin chora ko‘rish bilan cheklanib qolmasdan, ularga imkon berayotgan tizimli omillarni bartaraf etish, inson omilini qisqartirish, qaror qabul qilish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratdi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha vazirlikka korrupsiyaviy xavflarni muntazam qayta baholash, yuqori xavfli yo‘nalishlar bo‘yicha nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning haqqoniyligi va to‘liqligini tahlil qilish, davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash, arxitektura nazoratida aniqlangan qonunbuzilishlarning tizimli sabablarini bartaraf etish hamda raqamli nazorat mexanizmlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 9,3 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangandi.





