O‘zbek yozuvchisi 2026-yilgi Nobel uchun ehtimoliy nomzodlar ro‘yxatiga kiritildi
Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi 8-oktabr kuni e’lon qilinadi.
© rte.ieLiterary Hub nashri 2026 yilgi Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti uchun Britaniyaning Ladbrokes kompaniyasi taqdim etgan koeffitsiyentlar ro‘yxatini e’lon qildi. Unda Hamid Ismoilov ham bor. Yozuvchi uchun 33/1 koeffitsiyent ko‘rsatilgan. Nashr bu ro‘yxatni Nobel mukofotining rasmiy nomzodlar ro‘yxati sifatida taqdim etmagan.
Literary Hub yozishicha, 2026 yilgi mukofot sohibi kim bo‘lishini Shvetsiya akademiyasidan tashqari hech kim aniq bila olmaydi. Nashr shuningdek, koeffitsiyentlar mukofot ehtimoli haqidagi bukmekerlik baholarini aks ettirishini qayd etgan.
Ladbrokes ro‘yxatida Hamid Ismoilovdan tashqari Kan Syue, Xaruki Murakami, Jerald Myorneyn, Tomas Pinchon, Kristina Rivera Garsa, Margaret Etvud, Mishel Uelbek va Salmon Rushdi kabi yozuvchilar ham keltirilgan.
Hamid Ismoilov ro‘yxatda 33/1 koeffitsiyentga ega bo‘lgan ijodkorlar qatorida qayd etilgan. Shu koeffitsiyent bilan undan tashqari bir qator yozuvchilar, jumladan Andrey Kurkov, Enn Karson, Devid Grossman, Joys Kerol Outs va Reychel Kask ham keltirilgan.
2026 yilgi Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi 8-oktabr kuni e’lon qilinishi belgilangan. G‘olibga 12 million shved kronasi miqdorida mukofot puli beriladi.
Nobel mukofotining o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, adabiyot bo‘yicha nomzodlar va ularni ko‘rsatgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar 50 yil davomida maxfiy saqlanadi. Nobel mukofotining rasmiy bazasida ham yangi nomzodlar haqidagi ma’lumotlar shu muddat o‘tgachgina ochiqlanishi qayd etilgan. Shu bois hozirgi paytda Hamid Ismoilovning 2026-yilgi mukofot uchun rasman ko‘rsatilganini tasdiqlashning imkoni yo‘q.
Hamid Ismoilov kim?
Hamid Ismoilov — o‘zbek va rus tillarida ijod qiluvchi yozuvchi, shoir va jurnalist. U 1954 yilda Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida tug‘ilgan. Ismoilov uzoq yillar davomida jurnalistika sohasida ham faoliyat yuritgan.
Uning asarlari bir qator tillarga tarjima qilingan. Yozuvchining «Jinlar bazmi» romani ingliz tilida Devils’ Dance nomi bilan nashr etilgan va 2019 yilda EBRD Literature Prize mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Ismoilovning «The Devil’s Dance», «The Railway», «The Dead Lake» kabi asarlari xalqaro adabiy maydonda ham tanilgan.
2026 yilda uning «We Computers» asari EBRD Literature Prize’ning qisqa ro‘yxatiga kiritilgan.
Hamid Ismoilov Bi-Bi-Si’ning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bo‘yicha xizmatlarida ham ishlagan. Uning ijodida Markaziy Osiyo tarixi, xotira, til va shaxs taqdiri kabi mavzular muhim o‘rin tutadi.
1992 yilda Ismoilov O‘zbekistondan chiqib ketgan, shundan beri u Londonda yashab keladi. 2006-yilda uning «Temir yo‘l» romani taniqli yozuvchi Robert Chandler tomonidan ingliz tiliga tarjima qilinib, Londonda nashr etildi. Hamid Ismoilov she’rlari Ingeborga Baldauf va Zigrid Kleynmixel tomonidan nemis tiliga tarjima qilingan.





