Kamera va radarlar bo‘yicha IIVga so‘rov yuborildi

Bugun 08:252 daqiqa

Parlament kamera va radarlar faoliyati samaradorligi hamda haydovchilar shikoyatlari yuzasidan Ichki ishlar vaziridan rasmiy tushuntirish so‘radi.

Kamera va radarlar bo‘yicha IIVga so‘rov yuborildi

28-aprel kuni Qonunchilik palatasi majlisida ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga avtomobil foto va video qayd etish vositalarining samaradorligi yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi. Unda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda kamera va radarlarning o‘rni muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda transport vositalari sonining keskin ortishi yo‘l harakati xavfsizligini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirdi. Shu munosabat bilan qoidabuzarliklarni avtomatlashtirilgan tarzda qayd etish, nazoratni kuchaytirish va sohadagi huquqiy bazani mustahkamlash bo‘yicha qator choralar ko‘rilgan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, avtomobil yo‘llarida tezlikni nazorat qilish statsionar va ko‘chma radarlar, shuningdek foto va video qayd etish vositalari orqali amalga oshirilmoqda. Ushbu tizimlar avariyalar sonini kamaytirish, haydovchilar intizomini oshirish va korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Biroq deputatlar saylov okruglarida o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida fuqarolardan tushayotgan e’tirozlarga ham e’tibor qaratdi. Xususan, tezlik keskin o‘zgaradigan yo‘llarda ogohlantiruvchi belgilarning yetarli emasligi, radarlar joylashuvining noqulayligi va bu holatlar asossiz jarimalarga sabab bo‘layotgani qayd etildi.

Shuningdek, ayrim hollarda texnik xatolar tufayli jarimalar noto‘g‘ri hisoblanayotgani, haydovchilarga asossiz ma’muriy jazo choralari qo‘llanayotgani bildirildi. Yo‘llarning ayrim uchastkalarida asfalt sifati pastligi, chiziqlar ko‘rinmasligi yoki noto‘g‘ri chizilgani ham qoidabuzarliklarga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.

Piyodalar o‘tish joylarida svetoforlar yetishmasligi ham fuqarolar noroziligiga sabab bo‘layotgan omillardan biri sifatida qayd etildi. Majlisda ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha avval belgilangan vazifalarni tezlashtirish zarurligi aytildi.

Natijada Qonunchilik palatasi ichki ishlar vaziridan “Xavfsiz va ravon yo‘l” dasturi ijrosi, kamera va radarlar samaradorligi, shuningdek mavjud muammolarni hal etish choralari yuzasidan asoslangan ma’lumot taqdim etishni so‘rab parlament so‘rovi yubordi.

Teglar

Mavzuga oid