Kiberjinoyat va uyushgan jinoyatchilikka qarshi jazo kuchaytiriladi

Bugun 19:284 daqiqa

Prezident axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan huquqbuzarliklar keskin ko‘paygani munosabati bilan kiberjinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish va yangi jinoyat turlari uchun javobgarlik joriy etish bo‘yicha takliflarni ma’qulladi.

Kiberjinoyat va uyushgan jinoyatchilikka qarshi jazo kuchaytiriladi

O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar uchun jazo choralarini kuchaytirish hamda yangi turdagi kiberjinoyatlar uchun javobgarlikni belgilash taklif qilindi. Bu haqda bugun, 12-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan kiberjinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishni kuchaytirishga oid takliflar taqdimotida ma’lum qilindi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilarning soni 31 milliondan oshgan bo‘lib, shundan 14 millioni ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanmoqda. Shu bilan birga, huquqbuzarlarning internet va ijtimoiy tarmoqlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari kun sayin ortib bormoqda.

Xususan, so‘nggi olti yilda mamlakatda kiberjinoyatlar bo‘yicha murojaatlar soni 48 baravarga oshgan. O‘tgan yilda sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi, o‘g‘irlik jinoyatlarining 76 foizi kibermakonda sodir etilgan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion so‘mdan oshgan.

«Moliyaviy piramida» uchun jazo

Taqdimotda ta’kidlanishicha, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning keskin ko‘payib borayotgani milliy qonunchilikka shunday turdagi jinoyatlar uchun jazo choralarini og‘irlashtirish va kiberjinoyatlarning yangi shakllari uchun javobgarlik belgilash bo‘yicha normalarni kiritish vaqti kelganini ko‘rsatmoqda. Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hamda ko‘plab fuqarolarga jabr keltirayotgan «moliyaviy piramida» uchun jazo choralarini kuchaytirish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

Fuqarolarning o‘z nomlariga rasmiylashtirilgan elektron to‘lov vositalari hamda abonent raqamlardan foydalanishda shaxsiy mas’uliyatini oshirish maqsadida o‘z nomidagi elektron to‘lov vositasi, kriptohamyoni, SIM-kartasi va elektron akkauntlardan kiberjinoyatni sodir etishda foydalanilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilindi.

Axborot infratuzilmasi obyektlariga qarshi qaratilgan kiberhujumlar

Ta’kidlash kerakki, bugun muhim axborot infratuzilmasi obyektlariga qarshi qaratilgan kiberhujumlar natijasida katta salbiy oqibatlarga va moddiy zarar olib keluvchi kiberhujumlar global tus olib, respublikamizda ham kuzatilmoqda. Bu esa yuridik shaxslar o‘z tasarrufidagi axborot tizimlarining xavfsizligini bugungi kundagi zamonaviy tahdidlarga munosib tarzda takomillashtirib borishi va kiberxavfsizlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratishini taqozo etmoqda.

Shunga ko‘ra, yuridik shaxslar tomonidan axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun oqibat kelib chiqqan-chiqmaganidan qat’i nazar, ma’muriy javobgarlikni belgilash taklif qilindi.

Ushbu amaliyot masofadan moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatuvchi banklarga ham taalluqli bo‘lib, ular ham o‘z tizimlarida firibgarliklarning oldini olish bo‘yicha himoya va xavfsizlik choralarini muntazam takomillashtirib borish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Banklardagi kiberhujumlar

Xususan, o‘tgan yillarda 3 ta bank tizimidagi zaiflik tufayli 3025 nafar mijozga 17 milliard so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Shu nuqtai nazaridan, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatida yuzaga kelgan moddiy zarar uchun javobgar bo‘lishini qonunan mustahkamlash tashabbusi ilgari surildi.

Taqdimotda uyushgan jinoyatchilikning sodir etish shakl va uslublari yangilanib borayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Uyushgan guruhlar tomonidan jamiyatda yurish-turish qoidalarini ochiqchasiga mensimasdan, o‘zini qonundan ustun qo‘yib, bezorilik jinoyatlarini sodir etganligi yoki bezorilik jinoyatining og‘ir shakllaridan biri – o‘qotar qurolni namoyish qilib yoki uni qo‘llab hamda takroran sodir etganligi, shuningdek, jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatgan holda sodir etilganlik uchun jazo choralari bugungi kunda yetarli ta’sir kuchiga ega emasligi ta’kidlandi.

Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda jangovar (aralash) sport turlari bo‘yicha yashirin ravishda noqonuniy janglar tashkil qilinib, ularda yoshlarning ishtirok etayotgani kuzatilmoqda. Biroq bugungi kunda buning uchun javobgarlik choralari mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, qonun hujjatlariga mana shunday xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi ayovsiz kurashish, bunday illatni tag-tomiri bilan yo‘qotishga qaratilgan normalarni kiritish vaqti kelgani ta’kidlandi.

Og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etish maqsadida jinoiy uyushma tashkil etganlik, uni moliyalashtirganlik, ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni yashirishga homiylik qilganlik, jangovar sport turlari bo‘yicha musobaqalarni noqonuniy tashkil etganlik va o‘tkazganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi, bezorilik jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirishni nazarda tutuvchi, shuningdek, qonunga zid ravishda tashkil etilgan jangovar sport turlari bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilovchi normalar kiritish taklif etildi.

Muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha ishlab chiqilgan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish hamda uyushgan va jamoat joylaridagi jinoyatchilikka qarshi kurashishning jinoiy-huquqiy mexanizmlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihalari taqdimot qilindi.

Prezident takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid