
Kichik biznes uchun ishga qabul qilish jarayoni soddalashtiriladi
O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish jarayonidagi ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratik murakkabliklar sababli millionlab ish o‘rinlari hanuzgacha norasmiy holda qolmoqda. Ayniqsa, kichik biznes sohasida ish beruvchi va yollanma ishchilar o‘rtasidagi munosabatlarning rasmiylashtirilmasligi tizimli muammoga aylangan.

Davlat rahbariga taqdim etilgan yangicha tashabbusga ko‘ra, xodimlari soni 50 nafargacha bo‘lgan korxona va tashkilotlar uchun ishga qabul qilish jarayoni onlayn tarzda, minimal byurokratiya bilan amalga oshiriladi. Ya’ni, yagona platformada faqatgina bir tugmani bosish orqali mehnat shartnomasini rasmiylashtirish imkoni yaratiladi.
Bu tashabbus mehnat bozorida shaffoflik va ishonchni oshiradi, iqtisodiy munosabatlarning legallashuviga xizmat qiladi. Shu bilan birga, rasmiy statistik ma’lumotlarda kichik biznes va mikrofirmalarning haqiqiy ulushini aniqlash osonlashadi.
Hozirdagi tizimda statistikada aks etmaydigan millionlab fuqarolarning mehnat faoliyatini aniq hisobga olish uchun rasmiylashtirishning oson va elektron shakli muhim ahamiyatga ega. Bu orqali davlat tashkilotlari bozordagi o‘zgarishlarni tezroq sezishi va samarali qarorlar qabul qilishi mumkin bo‘ladi.
Yangi tartib amalga kiritilgandan so‘ng, mehnat shartnomalari rasmiylashuvining elektronlashgan mexanizmi orqali ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiq, aniq va ishonchli shaklda shakllantiriladi.





